BannerMobile banner
Yangiliklar

SamAuto zavodi turk kompaniyasiga sotildi

02.10.2025 / 05:54

Shuningdek, zavod Anadolu Isuzu qo‘liga o‘tdi.

Blog image

O‘zbekistondagi yirik avtomobil ishlab chiqaruvchilardan biri — SamAuto zavodi yangi investorga o‘tdi. Turkiyaning mashhur tijorat texnikasi ishlab chiqaruvchisi Anadolu Isuzu korxonaning 75,2 foiz davlat ulushini sotib oldi. Bitim qiymati 80 million dollarni tashkil etadi, shuningdek, kompaniya shuncha mablag‘ni ishlab chiqarishni rivojlantirishga yo‘naltirish majburiyatini ham oldi.


SamAuto — O‘zbekistonda Isuzu avtobuslari, yuk mashinalari va pikaplarini yig‘ib chiqaradigan asosiy zavod. Mazkur bitim orqali ishlab chiqarish hajmi kengayishi va yangi modellar taqdim etilishi kutilmoqda. Eng muhimi — kelajakda 12–18 metrli elektrobuslar ishlab chiqarish rejalashtirilgan. Mazkur jarayon uzoq muzokaralardan so‘ng amalga oshdi. 2024-yil iyunida tomonlar o‘zaro anglashuv memorandumi imzolagan, 2025-yil aprelida esa Anadolu Isuzu rasmiy taklifini taqdim etgan edi.


Zavoddagi qolgan ulushlarning 24,8 foizi Yaponiya kompaniyalari — Itochu Corporation va Isuzu Motors Ltdga tegishli bo‘lib qoladi (har biri 12,4 foizdan). Ular ham turk investorining kirib kelishini qo‘llab-quvvatladi.


Yangi investor oldidagi asosiy maqsadlar: ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish, yangi avtobus va yuk mashinalari modellarini chiqarish, shuningdek, eksport bozoriga keng chiqish. Rejalarga ko‘ra, mahsulotlar nafaqat O‘zbekiston, balki Markaziy Osiyo, Janubiy Kavkaz, Yaqin Sharq va Afrika bozorlariga ham yetkazib beriladi.


Shu bilan birga, mamlakat bo‘ylab sertifikatlangan servis markazlari tarmog‘i tashkil etilishi ham ko‘zda tutilgan.

Bizning Telegramga obuna bo'ling
BannerMobile banner