Porsche elektr Cayenne taqdimoti sanasini oshkor qildi
11.11.2025 / 10:27Model mashhur krossoverning to‘rtinchi avlodi bo‘ladi va Taycan va Macan bilan bir qatorda elektr Porsche qatoriga kiradi.

Porsche kompaniyasi 19-noyabr kuni to‘liq elektr dvigatelli Cayenne modelining taqdimotini o‘tkazishini rasman tasdiqladi, habar beradi ITHome. Bu mashhur krossoverning to‘rtinchi avlodi bo‘lib, u Taycan va Macan bilan bir qatorda Porsche’ning elektr liniyasiga kiradi.
Yangi Cayenne Volkswagen Group’ning 800 voltli platformasida yaratiladi — xuddi Macan va Audi Q6 E-tron singari. Model ikki elektromotorga ega bo‘lib, umumiy quvvati 1000 ot kuchigacha yetadi. U 400 kVtgacha tezkor zaryadni qo‘llab-quvvatlaydi va 10 foizdan 80 foizgacha bo‘lgan zaryadni atigi 16 daqiqada to‘ldira oladi.
Bundan tashqari, Porsche tarixida birinchi bor simlarsiz induksion zaryadlash tizimi joriy etiladi. 108 kVt·soatlik batareya esa avtomobilga 600 km dan ortiq masofani bosib o‘tish imkonini beradi.
Tashqi ko‘rinishida ham o‘zgarishlar ko‘p — yanada aerodinamik shakl, ramkasiz oynalar va eshik tutqichlari korpus ichiga yashirilgan. Kuzov uzunligi 4 979 mm, g‘ildirak bazasi esa 3 020 mm bo‘ladi. Salon esa rekord darajada ko‘p displeylar bilan jihozlanadi, jumladan, egilgan markaziy ekran ham mavjud bo‘ladi.
Elektr Cayenne 2026-yil boshida savdoga chiqariladi va u benzinli versiya bilan birga taklif etiladi. Keyinchalik esa sport ko‘rinishdagi Coupe modifikatsiyasi ham chiqadi.







