Oʻzbekistonda 50 yildan oshgan avtomobillar yoʻllarga chiqmaydi
06.10.2025 / 09:45Hukumat 50 yildan oshgan avtomobillarni yo‘llardan chiqarishni rejalashtirmoqda.

Oʻzbekistonda endilikda 50 yildan oshgan yengil avtomobillarni boshqarish va ularni YHXX ro‘yxatiga qo‘yish taqiqlanishi mumkin. Mazkur qaror loyihasi Ichki ishlar vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan va jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan. Muhokama 11-oktabrgacha davom etadi.
Agar qaror qabul qilinsa, 2026-yil 1-yanvardan boshlab ishlab chiqarilganiga 50 yil yoki undan ko‘p bo‘lgan avtomobillarni qayta ro‘yxatdan o‘tkazish va ularni ishlatish mumkin bo‘lmaydi. Biroq, bu cheklov antikvar maqomiga ega avtomobillarga tatbiq etilmaydi.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 2025-yilda Oʻzbekistonda 5,2 milliondan ortiq transport vositasi ro‘yxatga olingan, ularning 87,6 mingtasi — 50 yildan oshgan. Mutaxassislar fikricha, bu chora yo‘llardagi xavfsizlikni oshirish va ekologiyani yaxshilashga xizmat qiladi.
MVD statistikalariga ko‘ra, 2024–2025-yillarda 50 yildan oshgan avtomobillar ishtirokida 67 ta yo‘l-transport hodisasi qayd etilgan, natijada 23 kishi halok bo‘lgan. Shu sababli, avtopark inventarizatsiyasi o‘tkazilib, eski avtomobillar asta-sekin ro‘yxatdan chiqariladi.
Agar bunday mashinalarni ishlatish zarurati tug‘ilsa, ular uchun alohida antikvar maqomi joriy etiladi. Bunday transportlar maxsus tartibda ro‘yxatdan o‘tadi va o‘ziga xos davlat raqamlariga ega bo‘ladi.
Bu qaror 2025-yil 9-iyul kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida yo‘l harakati xavfsizligini oshirish bo‘yicha berilgan topshiriqlarga asoslanadi. Qayd etish kerakki, O‘zbekistonda eski avtomobillarni taqiqlash masalasi so‘nggi bir necha yildan beri muhokamada edi.







