BannerMobile banner
Yangiliklar

O'zbekistonda jarima ballar tizimiga o'zgarishlar kiritildi

28.10.2025 / 06:54

Kamera va radarlar tomonidan qayd etilgan qoidabuzarliklar uchun jarima ballari qo‘llaniladi.

Blog image

O‘zbekistonda yo‘l harakati qoidalarini buzgan haydovchilarga avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish vositalari orqali jarima ballari qo‘llanila boshlaydi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati matbuot xizmati xabar berdi. Vazirlar Mahkamasining 25-oktabrdagi qaroriga ko‘ra, ushbu tartib 2026-yil 1-apreldan kuchga kiradi.


Vazirlar Mahkamasi qaroriga binoan, agar qoidabuzarlik avtomobil egasi tomonidan emas, balki boshqa haydovchi tomonidan (ishonchnoma, sug‘urta polisi yoki yo‘l varaqasi asosida) sodir etilgan bo‘lsa, jarima ballari aynan shu haydovchiga hisoblanadi.


Transport vositasi egasi kim qoidani buzganini aniqlab, jarima ballarini rulda bo‘lgan shaxsga o‘tkazish imkoniga ega bo‘ladi.


2025-yil 1-iyundan O‘zbekistonda jarima ballari tizimi ishga tushgan edi. Ushbu qonunni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2025-yil fevral oyida imzolagan. Jarima ballari 14 turdagi qoidabuzarlik uchun belgilanadi, biroq hozircha ular faqat YPX inspektori tomonidan joyida rasmiylashtirilgan holatlarda qo‘llanadi.


Jarima ballarini qo‘llash yoki haydovchilik guvohnomasidan mahrum qilish jarima to‘lash majburiyatidan ozod etmaydi. Agar haydovchi 12 yoki undan ortiq ball yig‘sa, u avtomatik tarzda haydovchilik guvohnomasidan mahrum etiladi. Hisoblangan jarima ballarini MyGov ilovasi yoki elektron hukumat portali — my.gov.uz orqali tekshirish mumkin.


Agar haydovchi yarim yil davomida qoidabuzarliksiz harakat qilsa, unga nisbatan 2 ball avtomatik tarzda bekor qilinadi. 2026-yil 1-apreldan boshlab jarima ballari kamera va radarlar orqali aniqlangan qoidabuzarliklarga ham tatbiq etiladi. Bundan tashqari, haydovchi bir yil va undan ortiq muddat davomida qoidabuzarlik qilmagan bo‘lsa, uning birinchi qoidabuzarligi uchun ball qo‘llanilmaydi.


Qaysi holatlar uchun jarima ballari beriladi?


Jarima ballari jami 14 turdagi yo‘l harakati qoidabuzarliklari uchun belgilanadi. Agar haydovchi bir yil ichida 12 ball yig‘sa, u olti oyga huquqidan mahrum etiladi.


Jarima ballarini qanday tekshirish mumkin?


Jarima ballarini MyGov ilovasi va my.gov.uz portali orqali tekshirish mumkin. Shuningdek, E-JarimaBall tizimi jarimalarni kuzatish uchun mashhur ilovalarga — Road24, Safe Road, Click, Payme va boshqalarga integratsiya qilinadi.


Jarima ballari qanday ishlaydi?


Yo‘l harakati qoidalarini buzganlik uchun jarima ballari Ichki ishlar vazirligi Jamoat xavfsizligi departamenti huzuridagi Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati tomonidan avtomatlashtirilgan E-JarimaBall elektron tizimida hisoblanadi.


Bir qoidabuzarlik uchun eng ko‘p 2 ball belgilanadi. Ballar yig‘ilib boradi, ya’ni yil davomida 6 marta tezlikni oshirgan haydovchi haydovchilik huquqidan mahrum bo‘lishi mumkin.


Agar haydovchi 12 yoki undan ortiq ball olsa, u kamida 6 oy muddatga guvohnomasidan mahrum etiladi. Jarima ballari birinchi qayd etilgan qoidabuzarlik sanasidan 1 yil o‘tgach avtomatik tarzda bekor qilinadi. 8 ball to‘plagan haydovchilarga SMS orqali ogohlantirish yuboriladi.


Agar haydovchi bir nechta ma’muriy qoidabuzarlikni sodir etsa, har biri uchun jarima ballari alohida hisoblanadi va yig‘ilib boradi. Bundan tashqari, haydovchi qoidabuzarlik bilan norozi bo‘lib, ish sudga yuborilsa, jarima ballari faqat sudning yakuniy qarori asosida belgilanadi.


Qoidabuzarliklar uchun ball miqdori

• Tezlikni oshirish:

 20 km/soatgacha — 0,5 ball;

 20–40 km/soat — 1 ball;

 40–60 km/soat — 1,5 ball;

 60 km/soatdan yuqori — 2 ball;

• Qizil chiroqda yoki YPX ishorasiga qarshi harakatlanish — 1 ball;

 • Noqonuniy tonirovka (birinchi marta / takroran) — 0,5 / 1 ball;

 • To‘xtash qoidalarini buzish — 0,3 ball;

 • Maxsus transportni (kortej, tez yordam va boshqalar) o‘tkazmaslik — 0,5 ball;

 • Qarama-qarshi yo‘lga chiqish yoki avariya holati yaratish — 2 ball;

 • Qoidabuzarlik bilan quvib o‘tish — 1,5 ball;

 • Noqonuniy sirena, migalka, ksenon yoki LED o‘rnatish — 0,5 ball;

 • Nosoz tormoz, rul tizimi yoki ruxsatsiz o‘zgartirish (masalan, Captiva 3 → Captiva 4) — 0,5 ball;

 • Davlat raqamisiz avtomobil boshqarish — 1 ball;

 • Yo‘lovchi tashishda qoidani buzish — 0,5 ball;

 • Temir yo‘l o‘tish joyida qoidani buzish — 1 ball;

 • Guruhli harakat (masalan, to‘y korteji) — 2 ball;

 • Yo‘l-transport hodisasi joyidan ketish — 2 ball.

Bizning Telegramga obuna bo'ling
BannerMobile banner