Toshkentdan Samarqandga pullik trassani xitoyliklar quradi
03.06.2026 / 13:54Loyihaning asosiy qismi Xitoy banklari kreditlari hisobidan moliyalashtiriladi.

Toshkent — Samarqand pullik avtomobil yo‘lini qurish bo‘yicha tenderda Xitoy kompaniyasi g‘olib bo‘ldi. Pudratchi nomi hozircha oshkor qilinmagan.
Loyiha qiymati 2,185 milliard dollar deb baholanmoqda. Shundan 1,857 milliard dollari Xitoy Taraqqiyot banki, Xitoy Eksport-import banki va Bank of Communications tomonidan kredit sifatida ajratiladi. Qolgan 328 million dollar esa O‘zbekiston budjeti hisobidan qoplanadi.
Yangi pullik magistralning uzunligi 282 kilometrni tashkil etadi. Yo‘l Toshkentning Sergeli tumanidan boshlanib, amaldagi M-39 trassasi bilan parallel ravishda o‘tadi. Loyiha doirasida har bir yo‘nalishda 3 tadan qatnov qatori va sement-beton qoplama qurilishi rejalashtirilgan.
Shuningdek, yangi magistralda maksimal tezlikni 150 km/soatgacha oshirish ko‘zda tutilgan. Shu orqali Toshkentdan Samarqandgacha bo‘lgan yo‘l vaqti taxminan 2 soatgacha qisqarishi mumkin. Pullik yo‘lning o‘tkazuvchanlik quvvati kuniga 50 mingtagacha avtomobilni tashkil etadi. Prezident topshirig‘iga ko‘ra, qurilish ishlari 2026 yil iyul oyida boshlanishi kerak.







