Yangi BMW iX3 benzinli X3’dan arzonroq chiqdi
07.05.2026 / 11:11463 ot kuchiga ega elektromobil 700 km yuradi va benzinli versiyadan $5 000 arzon turadi.

BMW yangi elektr krossoveri — iX3 50 xDrive modelining AQSh bozori uchun asosiy tafsilotlarini rasman ochiqladi. Eng qiziq jihati esa narx va texnik ko‘rsatkichlar kombinatsiyasi bo‘ldi.
Yangi BMW iX3 50 xDrive narxi $62 850 dan boshlanadi. Taqqoslash uchun, benzinli BMW X3 M50 xDrive esa $67 850 turadi. Ya’ni elektromobil nafaqat kuchliroq, balki $5000 ga arzonroq ham chiqdi.
Shu bilan birga, elektr versiya ancha yuqori quvvat taklif qiladi:
- BMW iX3 50 xDrive — 463 ot kuchi;
- BMW X3 M50 xDrive — 393 ot kuchi.
BMW ma’lumotlariga ko‘ra, yangi iX3 maksimal 700 km gacha yurish zaxirasini taqdim etadi. Biroq bu ko‘rsatkich tanlangan shinalarga bog‘liq:
- 20 dyuymli yozgi shinalar bilan — 700 km;
- universal mavsumiy shinalar bilan — taxminan 615 km.
Hatto shu holatda ham model segmentdagi eng uzoq yuruvchi elektromobillardan biri bo‘lib qolmoqda. BMW uni hatto Tesla Model Y’dan ustun deb baholamoqda.
Yangi modelning asosiy afzalliklaridan biri — ultra tezkor zaryadlash texnologiyasi. iX3 400 kW gacha quvvatdagi zaryadlashni qo‘llab-quvvatlaydi.
Kompaniya ma’lumotiga ko‘ra, bu atigi 10 daqiqada deyarli 300 km yurish zaxirasini tiklash imkonini beradi.
AQShda model uchun buyurtmalar allaqachon ochilgan. Bron qilish uchun $1000 depozit talab qilinadi. Dastlabki yetkazib berishlar sentabr oyida boshlanishi kutilmoqda.







