Sotuvga yangi Audi A6 Allroad Quattro chiqadi
18.06.2026 / 05:15Model ilk bor gibrid versiyaga ega bo‘ldi.

Audi yangi avlod A6 Allroad Quattro modelini taqdim etdi. Universal kuzovidagi avtomobil endilikda ilk bor quvvatlanadigan gibrid tizim bilan ham taklif etiladi.

Yangi model kengaytirilgan g‘ildirak arkalariga ega bo‘lib, tashqi ko‘rinishi jihatidan Audi RS6 ni eslatadi. Shuningdek, avtomobil yangi radiator panjarasi, himoya plastik kuzov to‘plami, tom relslari va LED optika bilan jihozlangan.

Qo‘shimcha haq evaziga matritsali faralar hamda OLED chiroqlar taklif etiladi. Audi A6 Allroad Quattro adaptiv pnevmatik osma bilan jihozlandi. Yo‘l oralig‘i oddiy A6 Avant bilan solishtirganda 34 mm ga balandroq. Maxsus rejimlar va kuzovni qo‘shimcha ko‘tarish funksiyasi avtomobilning yo‘lsiz sharoitdagi imkoniyatlarini oshiradi.
Xaridorlarga ikkita dvigatel varianti taklif etiladi. Birinchisi 2 litrli turbomotor va elektromotordan iborat gibrid tizim bo‘lib, umumiy quvvati 362 ot kuchini tashkil etadi. Elektr rejimida yurish zaxirasi 95 kilometrga yetadi. Ikkinchi variant esa 295 ot kuchiga ega 3 litrli V6 dizel dvigatelidir. Har ikki versiyaning maksimal tezligi 250 km/soat bilan cheklangan.

Salonida 11,9 dyuymli raqamli panel va 14,5 dyuymli multimedia tizimi o‘rnatilgan. Yangi Audi A6 Allroad Quattro sotuvi Yevropada kuz oylarida boshlanadi. Germaniyada narxlar dizel versiyasi uchun $89 021 dan, gibrid versiya uchun esa $92 478 dan boshlanadi.







