O‘zbekistonda yo‘l bezoriligi uchun avtomobilni musodara qilish taklif etildi
12.06.2026 / 07:30Shuningdek, voyaga yetmaganlarga avtomobil boshqaruvini topshirish va noqonuniy poygalarda qatnashish uchun alohida javobgarlik joriy etilishi mumkin.

O‘zbekistonda yo‘l bezoriligi va ayrim qo‘pol qoidabuzarliklar uchun avtomobilni musodara qilish taklif etildi. Bu haqda YHXB boshlig‘i Sherzod Ibragimov "O‘zbekiston 24" telekanaliga bergan intervyusida ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, yo‘l-transport hodisalarining oldini olish maqsadida idoralararo ishchi guruh tomonidan yo‘l harakati qoidalarini buzganlik uchun javobgarlik choralarini kuchaytirishga qaratilgan takliflar ishlab chiqilgan va Prezident Shavkat Mirziyoyevga taqdim etilgan.
Qayd etilishicha, so‘nggi paytlarda voyaga yetmaganlarga avtomobil boshqaruvini topshirish holatlari hamda aholi yashash punktlarida noqonuniy poygalar tashkil etilishi og‘ir oqibatli YTHlar sonining ortishiga sabab bo‘lmoqda.
Shu munosabat bilan besh turdagi qo‘pol qoidabuzarlik uchun ma’muriy jazo sifatida transport vositasini vaqtincha olib qo‘yish chorasini joriy etish taklif qilinmoqda.
Bundan tashqari, voyaga yetmagan shaxsga avtomobil boshqaruvini topshirish, noqonuniy poygalarni tashkil etish yoki ularda qatnashish uchun alohida ma’muriy javobgarlik belgilash rejalashtirilmoqda.
Takliflarga ko‘ra, haydovchilik huquqiga ega bo‘lmagan yoki undan mahrum etilgan shaxs tomonidan sodir etilgan yo‘l bezoriligi holatlarida avtomobilni musodara qilish yoki vaqtincha olib qo‘yish mumkin bo‘ladi.
Shuningdek, mast holda avtomobil boshqarganlik uchun 15 sutkagacha ma’muriy qamoq jazosini qo‘llash hamda qo‘pol qoidabuzarlik sodir etgan haydovchilarni bir yil davomida jarimani chegirma bilan to‘lash huquqidan mahrum qilish taklif etilgan.







