Mercedes-Benz yangilangan elektrik GLC’ni taqdim etdi
09.06.2026 / 10:24Avtomobilning yurish zahirasi — 700 km.

Mercedes-Benz Xitoyda mutlaqo yangi elektr GLC modeliga oldindan buyurtmalarni qabul qilishni boshladi. Modelning boshlang‘ich narxi $51,5 ming etib belgilangan. Shu bilan birga kompaniya yangi elektromobilning seriyali ishlab chiqarilishi ham yo‘lga qo‘yilganini ma’lum qildi.
Elektr krossover Mercedes-Benz’ning yangi MB.EA platformasida qurilgan bo‘lib, zamonaviy 800 voltli elektr tizimidan foydalanadi. Avtomobil bir quvvatlashda 703 km gacha masofani bosib o‘ta oladi. Tezkor quvvatlash tizimi esa batareya zaryadini 10 foizdan 80 foizgacha atigi 22 daqiqada to‘ldirish imkonini beradi.

Yangi GLC brendning zamonaviy korporativ uslubida yaratilgan. Modelning eng e’tiborli jihatlaridan biri 942 ta LED elementdan tashkil topgan yoritiluvchi radiator panjarasi hisoblanadi. U turli yorug‘lik effektlarini namoyish eta oladi. Faralarda Micro LED texnologiyasi qo‘llanilgan bo‘lsa, kunduzgi chiroqlar Mercedes-Benz logotipi shaklida ishlangan.
Yangi Mercedes-Benz GLC EV’ning o‘lchamlari 4 933 × 1 914 × 1 710 mm ni tashkil etadi. G‘ildirak bazasi esa 3 027 mm ga teng. Benzinli GLC L bilan taqqoslaganda elektromobil 107 mm uzunroq bo‘lib, g‘ildirak bazasi 50 mm ga kattalashgan. Bu esa salonda qo‘shimcha joy va yanada yuqori qulaylikni ta’minlaydi.







