Voyah Li L9 raqobatchisini taqdim etib sotuvini e'lon qildi
25.05.2026 / 06:21666 ot kuchi, pnevmoosma, 4 ta lidar va 10 daqiqalik tezkor quvvatlash — Voyah’ning yangi flagmani premium SUV bozorini larzaga solishi mumkin.

Voyah yangi Taishan X8 premium SUV'ni rasman taqdim etdi. Yangi model dizayni, texnologiyalari va texnik imkoniyatlari bilan Li L9’ning eng jiddiy raqobatchilaridan biri sifatida tilga olinmoqda.
Taishan X8 Qingyun Driving Platform 2.0 platformasida qurilgan. Old qismda ikki richagli osma, orqa tomonda esa besh richagli osma qo‘llanilgan. Avtomobil adaptiv amortizatorlar va uch kamerali pnevmoosma bilan jihozlangan bo‘lib, bu nafaqat yuqori komfort, balki turli yo‘l sharoitlariga moslashuvchanlikni ham ta’minlaydi.

Yangi flagman texnologiyalar borasida ham ancha boy. Taishan X8’da 4 ta lidar va avtonom boshqaruv tizimi uchun ishlatiladigan yana qariyb 30 ta sensor mavjud. Bu esa modelni Voyah tarixidagi eng aqlli avtomobillardan biriga aylantiradi.
Model ikki xil kuch qurilmasida taklif qilinadi. Birinchi variant — PHEV gibrid tizimi. Unda 1,5 litrli turbomotor va ikkita elektromotor ishlaydi. Quvvatiga qarab avtomobil 645 yoki 666 ot kuchini ishlab chiqaradi.
Elektr energiyasida yurish zaxirasi CLTC sikli bo‘yicha 245 km yoki 370 kmni tashkil etadi. Umumiy yurish masofasi esa mos ravishda 1321 km va 1506 kmga yetadi. Batareya to‘liq bo‘shagan holatda ham yoqilg‘i sarfi WLTC sikliga ko‘ra 6,8 va 6,5 litrni tashkil qiladi. 0 dan 100 km/soatgacha tezlanish esa atigi 5,9 va 5,5 soniya vaqt oladi.

To‘liq elektr versiyasi esa ikkita elektromotor bilan jihozlangan bo‘lib, umumiy quvvati 645 ot kuchiga teng. Elektromobil 100 km/soat tezlikka 5,5 soniyada chiqadi. Xaridorlarga 603 km va 727 km yurish zaxirasiga ega batareyalar taklif qilinadi.
Eng qiziq jihatlardan biri — tezkor quvvatlash tizimi. Taishan X8 batareyasini 20 foizdan 80 foizgacha atigi 10-12 daqiqada quvvatlash mumkin.
Voyah Taishan X8 premium SUV segmentida nafaqat Li L9, balki Aito M9 va Denza N9 kabi modellarga ham jiddiy bosim qilishi kutilmoqda.







