BannerMobile banner
Yangiliklar

O'zbekistonda mashhur bo'lgan BMW i3 endi 900 km yura oladi

22.06.2026 / 06:49

Yangi elektromobil Yevropada sotuvga chiqishidan oldin rekord qiziqish uyg‘otdi.

Blog image

BMW yangi i3 50 xDrive First Edition elektromobili uchun oldindan buyurtmalarni rasman qabul qila boshladi. Kompaniya rejalashtirilgan muddatni kutmadi — modelga bo‘lgan yuqori qiziqish sabab buyurtmalar bir necha oy avval ochildi. Dastlabki avtomobillar dilerlik markazlariga kuzda yetib boradi. Sotuvlar maxsus First Edition versiyasidan boshlanadi. Buyuk Britaniyada ushbu model narxi taxminan $79 mingni , Germaniyada esa $88 mingni tashkil etadi (amaldagi kurs bo‘yicha). Keyinchalik taqdim etiladigan standart i3 50 xDrive versiyasi esa arzonroq bo‘lishi kutilmoqda.



Yangi BMW i3 108,7 kVt·soat sig‘imli batareya va ikkita elektromotor bilan jihozlangan. Quvvat qurilmasining umumiy quvvati 463 ot kuchini, aylantiruvchi moment esa 645 Nm ni tashkil qiladi. Elektromobil 100 km/soat tezlikka atigi 4,7 soniyada erishadi. Modelning asosiy afzalligi — ulkan yurish zaxirasi. WLTP sikliga ko‘ra, BMW i3 bir quvvat bilan 906 kilometrgacha masofani bosib o‘ta oladi. Bu premium segmentdagi seriyali elektromobillar orasidagi eng yuqori ko‘rsatkichlardan biri hisoblanadi.


Elektromobil 800 voltli arxitekturaga ega. BMW ma’lumotlariga ko‘ra, tezkor quvvatlash stansiyasiga atigi 10 daqiqaga ulash orqali taxminan 423 kilometrga yetadigan energiya zaxirasini to‘ldirish mumkin. Uy sharoitida quvvatlash uchun esa 22 kVtgacha AC quvvatlash qo‘llab-quvvatlanadi.

First Edition versiyasi M Sport paketi asosida yaratilgan va kengaytirilgan jihozlar to‘plami bilan ajralib turadi. Standart jihozlar qatoriga Iconic Glow yoritilgan radiator panjarasi, rul isitilishi, uch zonali iqlim nazorati, 3D grafikaga ega proyeksion displey, Harman Kardon audio tizimi, takomillashtirilgan old o‘rindiqlar va bagaj qopqog‘ining elektr yuritmasi kiradi.



Qo‘shimcha opsiyalar orasida panoramali shisha tom, orqa o‘rindiqlar isitilishi, elektr tortish moslamasi hamda Motorway Assistant tizimi mavjud. Ushbu tizim ayrim avtomagistrallarda 130 km/soatgacha tezlikda rulni ushlamasdan harakatlanishga imkon beradi.

Bizning Telegramga obuna bo'ling
BannerMobile banner