Viloyatlik taksichilarga Toshkentda ishlash taqiqlanmoqda
12.06.2025 / 04:34Yangi qoidalar sabab poytaxtda haydovchilar soni kamayib, taksi narxlari oshishi mumkin.

O‘zbekistonda taksi haydovchilari endi faqat o‘z mashinasi ro‘yxatdan o‘tgan hududda va unga qo‘shni viloyatlarda ishlashi mumkin. Bu — Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 2-apreldagi 200-sonli qarorida belgilangan.
Ya’ni, masalan, Andijonda ro‘yxatdan o‘tgan avtomobil Toshkentda ruxsatnomasiz taksi xizmati ko‘rsata olmaydi. Ruxsatnoma faqat davlat raqamidagi hududiy kodga qarab beriladi.
Transport vazirligi matbuot kotibi Navruz Ashurmatovning ta’kidlashicha, bu qoidalar aslida 2011-yildan buyon mavjud bo‘lgan, ammo endi qayta kuchaytirilgan.
Endilikda, faqat Toshkent (01-kod), Toshkent viloyati va Sirdaryo viloyatlarida ro‘yxatdan o‘tgan mashinalar poytaxtda qonuniy taksi xizmatini ko'rsatish mumkin bo‘ladi.
Bu holat Toshkentda, ayniqsa tirbandlik paytida va yomg‘irli kunlarda taksilar tanqisligiga olib kelishi mumkin. Natijada narxlar oshishi ehtimoli yuqori.