O‘zbekistonda benzin narxi oshmoqda
30.06.2026 / 10:19Iyun oyidan buyon import benzini narxi 15–20 foizga qimmatlashdi. Rossiyadagi yoqilg‘i bozoridagi vaziyat fonida AI-92 narxi yangi rekordlarni yangilamoqda.

O‘zbekistonda benzin narxi o‘sishda davom etmoqda. Iyun oyidan boshlab import qilinadigan benzin narxi sezilarli darajada qimmatlashdi. Bu jarayon Rossiyada kuzatilayotgan yoqilg‘i bozoridagi inqiroz va eksport hajmining qisqarishi fonida yuz bermoqda.
Toshkentdagi ayrim yoqilg‘i quyish shoxobchalarida iyun boshidan buyon import qilinadigan AI-92 benzini narxi 11 700 so‘mdan 13 000 so‘mgacha, AI-95 esa 13 500 so‘mdan 16 000 so‘mgacha oshdi. Ayrim tarmoqlarda narxlarning o‘sishi 15–20 foizga yetgan.
Shu bilan birga, Rossiyaning ayrim yoqilg‘i tarmoqlarida ham narxlar oshmoqda. Masalan, ayrim yirik AYOQSh tarmoqlarida AI-92 benzini narxi iyun oyida qariyb 8 foizga ko‘tarilgan.
Mutaxassislarning fikricha, Rossiyada ichki talabning ortishi va yoqilg‘i bozoridagi vaziyat sabab eksport hajmlari qisqarmoqda. Bu esa import qilinadigan benzin narxiga bevosita ta'sir ko‘rsatmoqda.
O‘zbekiston uchun bu ayniqsa muhim, chunki mamlakat import benziniga tobora ko‘proq tayanmoqda. 2026-yilning yanvar–aprel oylarida mamlakatga 568,7 ming tonna benzin import qilinib, buning qiymati 327,1 million dollarni tashkil etdi. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan qariyb ikki baravar ko‘p.
Taqqoslash uchun, shu davrda mamlakat ichida 417,5 ming tonna benzin ishlab chiqarilgan. Demak, ichki bozordagi talabning katta qismi import hisobiga qoplanmoqda. Shu sababli tashqi bozordagi narx o‘zgarishlari va ta'minotdagi har qanday cheklovlar O‘zbekistondagi benzin narxiga tezda ta'sir ko‘rsatmoqda.
Bundan tashqari, Respublika tovar-xomashyo birjasida AI-92 benzini narxi ham yangi maksimal ko‘rsatkichlarni qayd etishda davom etmoqda.







