BannerMobile banner
Yangiliklar

Toshkentda pullik avtoturargohlar ish boshlamoqda

06.05.2025 / 06:32

Pullik avtoturargohlar orqali trotoar va jamoat joylari bo‘shatiladi.

Blog image

5-may kuni Toshkentdagi "Bolajon" madaniyat va dam olish bog‘ida poytaxtda joriy etiladigan yangi pullik avtoturargoh tizimi yuzasidan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.


2024-yil dekabr oyida "Tashkent Invest" Toshkent shahri avtoturargohlarining yagona axborot tizimini yaratish bo‘yicha tender o‘tkazgan edi. G‘olib kompaniya sifatida Streetpark Systems tanlandi.


Loyiha maqsadi nima?

Streetpark Systems direktori Qudratbek Yoqubovning ta’kidlashicha, ayni paytda Toshkent ko‘chalarida tartibsiz to‘xtab turish holatlari ko‘p, bu esa piyodalar uchun noqulaylik tug‘dirib, ekologik muammolarga olib kelmoqda.

Pullik avtoturargohlar orqali:

  • trotoar va jamoat joylari bo‘shatiladi;
  • maxsus to‘xtash joylari soni oshiriladi;
  • avtomobil uchun joy izlashga sarflanadigan vaqt kamayadi;
  • keraksiz harakatlar qisqaradi va zararli chiqindilar kamayadi.

Yer ijarasidan yiliga 63 mlrd so‘m daromad olinishi kutilmoqda.


Qachon va qayerlarda joriy etiladi?

Dastlabki bosqichda 86 ta ko‘chada jami - 13 208 ta to‘xtash joyi tashkil etiladi:

  • 1-bosqich (2025-yil may): Amir Temur xiyoboni, Shahrisabz, Mirabad, Zarafshon, Istiqbol ko‘chalari;
  • 2-bosqich (maydan iyulgacha): yana 30 ko‘chada;
  • 3-bosqich (iyuldan sentabrgacha): umumiy hisobda 86 ta ko‘cha qamrab olinadi.


Tanlangan joylar transport oqimi yuqori, savdo va turar joy infratuzilmasiga yaqin hududlarda bo‘ladi. Qoidabuzarlik va xavfsizlik talablariga javob bermaydigan joylar (chorrahalar, avtobus bekatlari va boshqalar) loyihaga kiritilmaydi.


Tariflar va to‘lov usullari qanday bo'ladi?

Besh xil tarif rejalari taqdim etiladi: besh ming, sakkiz ming, 10 ming (ikki xil) va 12 ming so‘m/soat. Tariflar shaharning markazga yaqinligiga qarab belgilanadi. Yakuniy qarorni hokimiyat qabul qiladi.


To‘lov usullari:

  • asosiy usul: Poytaxt Parking mobil ilovasi;
  • yaqin atrofdagi Paynet terminallari;
  • elektron to‘lov tizimlari: PayMe, Click, Uzum Bank va boshqalar;
  • xalqaro bank kartalari orqali ilovada.


Qo‘shimcha qulayliklar:

  • ilova orqali joy band qilish va to‘lovni boshqarish;
  • nogironlar uchun imtiyozlar;
  • elektromobillar uchun quvvat stansiyalari;
  • harakat tezlashadi, noqulayliklar kamayadi.


Masalan, foydalanuvchi bir soatlik to‘lovni oldindan amalga oshirib, 20 daqiqada qaytsa, qolgan summa hisobiga qaytariladi.

"Rezident ruxsatnomalari" (ko‘p qavatli uylar aholisi uchun) ustida ish olib borilmoqda. Ilova 8-10 may kunlari ishga tushiriladi.


Nazorat va tartib

Har bir avtoturargoh zonasiga videokameralar o‘rnatiladi. Jarayonni inspektorlar nazorat qiladi:

  • planshetlar orqali to‘lovlarni tekshiradi;
  • maxsus avtomobillar raqamlar orqali nazorat olib boradi;
  • ma’lumotlar huquqni muhofaza qilish organlariga uzatiladi va jarima rasmiylashtiriladi (zaruratga qarab).


Dastlabki bosqichda muayyan noqulayliklar bo‘lishi mumkin, ammo tizimga o‘rganilgach, hammasi tartibga solinadi va biznes markazlar uchun alohida tariflar ham joriy qilinadi.

Bizning Telegramga obuna bo'ling
BannerMobile banner