BannerMobile banner
Yangiliklar

80 mingga yaqin Cobalt avtomobillari dilerlar orqali sotuvga chiqariladi

21.11.2025 / 06:33

UzAuto Motors to‘lovlarni amalga oshirmagani uchun aksariyat onlayn shartnomalarni bekor qildi va avtomobillarni avtosalonlarga yo‘naltirdi.

Blog image

Sotuvga qo‘yilgan 100 ming avtomobildan atigi 20 mingdan biroz ko‘prog‘i uchun to‘lov amalga oshirildi. Shuning uchun qolgan mashinalar endi oflayn tarzda sotiladi. Bu haqda UzAuto Motors matbuot xizmati xabar berdi.


3 noyabr kuni kompaniya ushbu modelning yirik partiyasi bo‘yicha kontraktatsiyani ochgandi. Biroq shartnoma talablari bo‘yicha yetti kun ichida to‘lanmagan buyurtmalar avtomatik bekor qilingan. Natijada faqat 20 833 dona avtomobil uchun haqiqiy to‘lov tushgan. Buyurtmalarning katta qismi real xarid qilish niyatisiz rasmiylashtirilganini inobatga olib, kompaniya bo‘sh qolgan avtomobillarni rasmiy dilerlar orqali sotishga qaror qildi.


Endi onlayn tizimdan foydalana olmagan fuqarolar istalgan rasmiy diler orqali avtomobil xarid qilishi mumkin. Xaridorlar ombordagi mavjud avtomobillarni tanlash va xarid chog‘ida qo‘shimcha jihozlar o‘rnatish imkoniyatiga ega. Barcha shartnomalar yagona elektron tizim orqali rasmiylashtiriladi va ularda haqiqiyligini tasdiqlovchi QR-kod bo‘ladi.


2025-yil 20-noyabr holatiga ko‘ra, dilerlik tarmog‘iga 2 624 ta avtomobil yetkazilgan, shundan 1 969 tasi sotilib, mijozlarga topshirilgan. Hozirda yana qariyb 6 ming dona avtomobil salonlarga yetkazib berish jarayonida.


Kompaniya ta’kidlashicha, oflayn savdolar boshlanishi onlayn buyurtmalar bo‘yicha to‘lov qilgan mijozlarga ta’sir qilmaydi. Yetkazib berish jadvali oldindan bajarilmoqda: noyabr oyida topshirilishi kerak bo‘lgan mashinalarning katta qismi allaqachon egalari qo‘liga berilgan. Dekabr 2025 va yanvar 2026 uchun kontrakt qilingan avtomobillar esa 15-dekabrgacha tayyorlab topshiriladi.

Bizning Telegramga obuna bo'ling
BannerMobile banner