O‘zbekistondagi maxsus avtomobil raqamlari
04.09.2025 / 10:44Qaysi maxsus avtoraqam qaysi davlat organiga tegishli?

O‘zbekistonda avtomobil davlat raqamlari bir necha toifalarga bo‘linadi: oddiy fuqarolik raqamlari, diplomatlar uchun raqamlar, yuqori davlat organlari, xalqaro tashkilotlar va harbiy tuzilmalar uchun raqamlar. Bundan tashqari, ayrim maxsus seriyalar faqat hukumat a’zolari, vazirlar yoki hokimiyat vakillari uchun ajratilgan.
PAA — Prezident va hukumat rahbarlari uchun raqamlar
(Foto: Ta4ka.uz)
PAA seriyasi — mamlakatdagi eng nufuzli davlat raqamlari. Bu raqamlarda viloyat kodi o‘rniga O‘zbekiston bayrog‘i tushirilgan. Ular Prezident maslahatchilari, Bosh vazir va vazirlar, Senat hamda Oliy Majlis qo‘mitalari rahbarlariga beriladi. Shuningdek, oliy sud organlari raislari va Bosh prokuror ham PAA raqamlaridan foydalanadi. Seriya odatda 200 raqamidan boshlanadi (masalan, PAA 200).
PPP — davlat boshqaruvi va parlament a’zolari uchun
(Foto: Autostrada.uz)
PPP seriyasini turli mashinalarda uchratish mumkin: hashamatli Mercedes’lardan tortib xizmat Damaslargacha. Ushbu raqamlar deputatlar, senatorlar va Prezident administratsiyasi xodimlariga beriladi.
APC — vazir o‘rinbosarlari va davlat qo‘mitalari rahbarlari uchun
Foto: Avto-nomer.ru
APC seriyasi odatda vazir o‘rinbosarlari, davlat qo‘mitalari hamda turli agentliklar rahbarlari xizmat mashinalariga beriladi.
Kuch tuzilmalariga tegishli maxsus raqamlar
(Foto: Autostrada.uz)
- PSS — Prezident xavfsizlik xizmati avtomobillari.
- TST, TSS, USB — Davlat xavfsizlik xizmati (sobiq SNB) avtomobillari.
- VSB, VSC, VSF, VSD, VSG, VSV — Ichki ishlar vazirligi avtomobillari.
- ZDF — Bosh prokuratura va Majburiy ijro byurosi (MIB).
- FVV — Favqulodda vaziyatlar vazirligi.
Diplomatik va xalqaro tashkilotlar raqamlari
Diplomatlar va ularning oilalari uchun avtomobillarga maxsus yashil raqamlar beriladi: CMD, D, X seriyalari. BMT va uning agentliklari (masalan, UNDP, UNICEF, WHO) avtomobillari uchun esa ko‘k rangdagi UN seriyasi, shuningdek yashil X seriyasi qo‘llaniladi. Texnik xodimlar uchun esa T seriyasi mavjud.