BYD 9 daqiqada to'liq zaryadlanadigan elektromobilni taqdim etdi
27.03.2026 / 12:46Yangi Song Ultra modeli yoqilg‘i quyish tezligiga yaqin zaryadlash imkoniyatiga ega.

BYD kompaniyasi yangi elektr krossover — Song Ultra modelini rasman taqdim etdi. Model Dynasty liniyasining kompakt segmentdagi ilk vakili bo‘lib, eng asosiy yangiligi — rekord darajadagi tez zaryadlash texnologiyasidir.
Ishlab chiqaruvchining ta’kidlashicha, avtomobil batareyasi 10 foizdan 70 foizgacha atigi 5 daqiqada, 97 foizgacha esa 9 daqiqada quvvat oladi. Hatto −30°C sovuq sharoitda ham bu jarayon faqat bir necha daqiqaga cho‘ziladi.
Yangi model to‘rtta komplektatsiyada taqdim etilgan. Narxlar 151,9 mingdan 179,9 ming yuangacha bo‘lib, yurish zaxirasi CLTC sikli bo‘yicha 620 km va 710 km variantlarda taklif etiladi.
Song Ultra yangi avlod Short Blade Battery 2.0 LFP batareyasi bilan jihozlangan. Kichik versiyalarda 68,4 kVt·soat, yuqori versiyalarda esa 82,7 kVt·soat sig‘im mavjud. Avtomobil orqa g‘ildirakdan tortuvchi bo‘lib, 326 yoki 367 ot kuchiga ega. Maksimal tezlik 210 km/soat bilan cheklangan.
Tashqi ko‘rinishda model minimalistik dizayn va old qism bo‘ylab cho‘zilgan LED chiroqlar bilan ajralib turadi. Salonida 15 dyuymli aylanuvchi ekran, 10 dyuymli raqamli panel va proyeksiya displeyi mavjud.
Jihozlar ro‘yxatiga ventilyatsiya va massaj funksiyali o‘rindiqlar kiradi. Old va orqa o‘rindiqlar to‘liq yotqizilib, 1,8 metrli tekis joy hosil qiladi. Bagaj hajmi 730 litr bo‘lib, 1659 litrgacha kengayadi, qo‘shimcha old bagaj ham mavjud.
Standart versiyada adaptiv podveska va 7 ta xavfsizlik yostiqchasi mavjud. Qo‘shimcha ravishda DiPilot 300 tizimi (lidar va 27 sensor bilan) taklif etiladi.







