O‘zbekistonda dam olmasdan harakatlanayotgan haydovchilarga 2,8 mln so‘mgacha jarima belgilanadi
07.09.2025 / 08:36Yangi qonun yo‘lovchi va yuk tashishda xavfsizlikni kuchaytirishni maqsad qilmoqda.

O‘zbekiston Senati 4-sentabr kuni transport sohasida javobgarlikni kuchaytirishga oid qonun loyihasini ma’qulladi. Qonunning asosiy maqsadi — yo‘lovchi va yuk tashish sifati hamda xavfsizligini oshirish, shuningdek, transport xizmatlarini nazorat qilish tizimini kengaytirishdir.
Yangi tartibga ko‘ra, haydovchilar mehnat va dam olish rejimiga rioya qilmasa, ularga 7 baravar BHM (2 884 000 so‘m) gacha jarima solinadi. Bu talab xalqaro va shaharlararo tashuvlarga ham taalluqlidir.
Shuningdek, temir yo‘l va metro tizimida xavfsizlik qoidalarini buzgan mansabdor shaxslar va xodimlar uchun ham jarima belgilandi. Ular uchun yangi joriy etilgan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 113.1-moddasi bo‘yicha 10 baravar BHM (4 120 000 so‘m) gacha jarima nazarda tutilgan.
Senatorlar ta’kidlaganidek, 2024-yilda temir yo‘l va metro tizimida 130 ta qo‘pol xavfsizlik qoidabuzarliklari qayd etilgan bo‘lib, ulardan yetgan moddiy zarar qariyb 4 milliard so‘mni tashkil etdi. Ayniqsa, tartibga solinmagan temir yo‘l kesishmalarida 38 ta YTH sodir bo‘lib, natijada 11 kishi hayotdan ko‘z yumdi.
Avvaldan Transport nazorati inspeksiyasi faqat qoidabuzarliklarni bartaraf etish bo‘yicha ko‘rsatmalar bera olgan bo‘lsa, endi yangi qonun ularning vakolatlarini kengaytiradi.