UzAuto Motors yangi Chevrolet Tahoe’ni taqdim etdi
27.08.2025 / 06:08Avtomobil narxi 1 464 500 000 so'mdan boshlanadi.

UzAuto Motors kompaniyasi yangilangan Chevrolet Tahoe avtomobilini namoyish qildi. Model High Country versiyasida taklif etiladi. Avtomobil 6,2 litrli V8 dvigatel va 10 pog‘onali avtomatik uzatma bilan jihozlangan. Quvvat ko‘rsatkichi 420 ot kuchini tashkil etadi, 0 dan 100 km/soat tezlikka chiqish vaqti 8 soniyaga teng.
Yangi Tahoe to‘liq yuritma tizimi hamda moslashuvchan pnevmatik osma bilan ta’minlangan. Model o‘z turkumidagi eng katta — 24 dyuymli g‘ildiraklarga ega. Tashqi ko‘rinishda xrom elementlar, yangi radiator panjarasi, animatsion optika va panoramali tom qo‘llanilgan.
Salon qismi yog‘och bezaklar bilan ishlangan, yetti o‘rinli konfiguratsiya qo‘llanilgan. O‘rindiqlar charm bilan qoplangan, isitish va old o‘rindiqlarda ventilyatsiya tizimi mavjud. Haydovchi o‘rindig‘i 8 yo‘nalishda elektron boshqaruv va favqulodda vaziyatlarda vibratsion ogohlantirish funksiyasi bilan ta’minlangan.
Avtomobilning asboblar paneli 11 dyuymli raqamli displey va Head-Up proyeksion ekrani bilan jihozlangan. Axborot-ko‘ngilochar tizim 17,7 dyuymli sensor ekran, smartfon ulanish standartlari, BOSE kompaniyasining 10 dinamikli audio tizimi, simsiz quvvatlantirish va Type-C hamda Type-A USB portlari bilan taqdim etilgan.
Chevrolet Tahoe 2025 High Country uchun tavsiya etilgan narx 1 464 500 000 so‘m etib belgilangan. Savdolar 11 sentabr kuni boshlanishi kutilmoqda.