Elvis Preslining so‘nggi Cadillac avtomobili auktsionga qo‘yildi
Elvis Presleyning 1977-yilgi Cadillac Seville avtomobili sotuvga qo'yiladi.
Britaniyaning Bonhams auktsion uyi Elvis Presliga tegishli bo‘lgan oxirgi avtomobil – 1977-yilgi Cadillac Seville avtomobilini sotuvga qo‘ymoqchi.
Ushbu Cadillac san’atkor uchun o‘ziga xos bo‘lgan: unda u 1977-yil 16-avgustda vafotidan bir kun oldin o‘tirgan edi. Presli vafotidan so‘ng avtomobil uning kelini – fotomodel Ginger Oldenga, keyinroq esa Presli muzeyi asoschisi Jimmi Velvet va avstraliyalik qo‘shiqchi Greg Peyjga o‘tgan.
2014-yilda Cadillac hozirgi egalar tomonidan sotib olingan va Angliyadagi Milliy avtomobil muzeyiga qo‘yilgan. Cadillac haqiqiylik sertifikatiga va ELVIS1 nomli noyob davlat raqamiga ega, biroq raqam sotuvga qo‘yilmaydi.
Auktsion 4-noyabrda boshlanib, 25-noyabrda yakunlanadi va kolleksionerlarga tarixiy avtomobilni sotib olish imkoniyatini beradi. Narx haqida hozircha ma’lumot yo‘q.