BannerMobile banner
Yangiliklar

Chevrolet Tahoe avtomobillarda muammolar kelib chiqdi

23.02.2026 / 05:46

Mashinalarning orqa g‘ildiraklari harakatlanayotganda bloklanmoqda.

Blog image

AQSHda General Motors konserni orqa g‘ildiraklar harakat vaqtida to‘satdan bloklanishi xavfi sabab ikki yirik chaqirib olish kampaniyasini e’lon qildi. Muammo 10 pogonali avtomatik uzatma konstruksiyasi va dasturiy ta’minoti bilan bog‘liq.


AQSH Yo‘l harakati xavfsizligi milliy boshqarmasi ma’lumotiga ko‘ra, transmissiya boshqaruv klapani muddatidan oldin yeyilishi mumkin. Bu yog‘ bosimi pasayishiga olib keladi va kam uchraydigan, biroq xavfli holatlarda orqa g‘ildiraklar to‘liq bloklanishi ehtimoli mavjud. Tekshiruvga sabab bo‘lgan holatda avtomobil trassada boshqaruvni yo‘qotib, to‘siqqa urilgan.


Chaqirib olish 43 732 ta yo‘ltanlamasni qamrab oladi: Chevrolet Tahoe va Suburban, GMC Yukon va Yukon XL, Cadillac Escalade hamda Escalade ESV. Ushbu avtomobillar 2022 yil aprel–sentyabr oylarida ishlab chiqarilgan.


Shuningdek, 2020–2022 model yillariga oid 1055 ta pikap — Chevrolet Silverado va GMC Sierra (1500, 2500 va 3500 seriyalari) ham ro‘yxatga kiritilgan. Ular avval ham chaqirib olingan, biroq 2024 yildagi ta’mirlash jarayoni ma’lumotlar bazasidagi dasturiy xato sabab to‘liq amalga oshmagan.


Qiziq jihati shundaki, butun uzatma qutisi almashtirilmaydi. Avtomobillarga yangi dasturiy ta’minot o‘rnatiladi. Tizim klapan holatini doimiy kuzatib boradi va taxminan 16 ming kilometr oldin kritik yeyilishni aniqlay oladi. Muammo aniqlansa, ogohlantiruvchi chiroq yonadi va uzatma faqat beshinchi pogonada ishlash bilan cheklanadi, bu esa xavfli pastga o‘tishlarni oldini oladi.


Ishlab chiqaruvchi nosozlik ehtimolini umumiy avtomobillar sonining taxminan 1 foizi deb baholamoqda. Shunga qaramay, yuqori tezlikda yuz berishi mumkin bo‘lgan oqibatlar sabab GM ushbu kampaniyani xavfsizlik nuqtai nazaridan ustuvor deb hisoblamoqda. Egalariga rasmiy servis markazlariga murojaat qilib, dasturiy yangilanishni bepul o‘rnatish tavsiya etiladi.

Bizning Telegramga obuna bo'ling
BannerMobile banner