O‘zbekistonda mayda YHQ buzilishlari uchun jarima o‘rniga ogohlantirish joriy etildi
09.02.2026 / 10:15Haydovchilar, piyodalar va ikki g‘ildirakli transport egalari uchun yangi yondashuv.

O‘zbekistonda yo‘l harakati qoidalarini mayda darajada buzgan shaxslarga nisbatan endilikda jarima o‘rniga ogohlantirish qo‘llanilishi mumkin. Ushbu choralar huquqbuzarliklar profilaktikasini kuchaytirish va haydovchilar madaniyatini oshirishga qaratilgan.
Ogohlantirish yozma yoki elektron shaklda rasmiylashtiriladi va bir shaxsga yiliga faqat bir marta qo‘llanishi mumkin. Bunda qoidabuzar o‘z aybini tan olishi, pushaymonligini bildirishi hamda ilgari boshqa huquqbuzarliklarga yo‘l qo‘ymagan bo‘lishi lozim.
Ogohlantirish quyidagi holatlarga nisbatan qo‘llanilishi mumkin: xavfsizlik kamarini taqmaslik yoki dubulg‘asiz harakatlanish, avtomobil boshqaruvi vaqtida telefondan foydalanish, harakat chog‘ida ekran orqali video tomosha qilish, to‘xtash va to‘xtab turish qoidalarini buzish.
Shuningdek, texnik ko‘rikdan o‘tmaganlik yoki majburiy sug‘urtaning mavjud emasligi, avtomobilda talab etiladigan jihozlar — o‘t o‘chirgich, dori qutisi, avariya to‘xtash belgisi, signal jileti yoki oynani sindirish uchun mo‘ljallangan bolg‘aning yo‘qligi ham ogohlantirish bilan cheklanishi mumkin.
Bu tartib piyodalar, velosipedchilar va skuter haydovchilari tomonidan sodir etilgan ayrim qoidabuzarliklarga ham tatbiq etiladi. Alohida band sifatida yo‘l chetida chorva mollarini boqish holatlari ham ogohlantirish chorasi doirasiga kiritilgan.
Ta’kidlanishicha, ogohlantirish faqat yengil va ijtimoiy xavfi past bo‘lgan qoidabuzarliklarga nisbatan qo‘llanadi. Qoidabuzarlik takrorlansa yoki boshqa holatlar aniqlansa, amaldagi qonunchilikka muvofiq jarima qo‘llaniladi.







