BannerMobile banner
Yangiliklar

Bentley yangi hashamatli krossover — Barnato’ni taqdim etishga tayyorlanmoqda

31.03.2026 / 07:24

To‘liq elektr model Mercedes-Maybach, Ferrari va Aston Martin bilan raqobatlashadi.

Blog image

Bentley kompaniyasi yangi hashamatli krossover ustida ishlamoqda. Yangi model brend liniyasida Bentley Bentayga dan pastroq joylashadi va to‘liq elektr bo‘lishi bilan ajralib turadi.


Avtomobil Barnato nomini olishi mumkin, biroq ilgari u Mayon nomi bilan ham tilga olingan edi. Hozircha kompaniya model nomi bo‘yicha yakuniy qarorni rasman e’lon qilmagan.


Kelajakdagi krossover prototiplari allaqachon qishki sinovlar vaqtida ko‘rinish bergan. Dizayn jihatidan model Bentayga’dan ko‘ra ancha sportiv va aerodinamik shaklga ega bo‘ladi. Unda Bentley EXP 15 kontsepti elementlari aks etishi kutilmoqda.


Salon esa an’anaviy hashamat va zamonaviy texnologiyalar uyg‘unligida yaratiladi. Xabarlarga ko‘ra, avtomobil egri shakldagi OLED displey, raqamli asboblar paneli, kengaytirilgan reallik (AR) bilan ishlovchi proyeksiya displeyi, Android Automotive qo‘llab-quvvatlashi, yaxshilangan ovozli boshqaruv va raqamli kalit bilan jihozlanadi. Shuningdek, 4 va 5 o‘rindiqli variantlar ham taklif etilishi mumkin.


Yangi model Volkswagen Group’ning Premium Platform Electric (PPE) platformasida quriladi. Ushbu platformani u kelajakdagi Porsche Cayenne Electric bilan bo‘lishadi. Taxminlarga ko‘ra, batareya sig‘imi 113 kVt·soatni tashkil etadi, tezkor zaryadlash esa 7 daqiqadan kam vaqt ichida taxminan 160 km masofaga yetarli energiya to‘plash imkonini beradi.


Quvvat ko‘rsatkichlari versiyaga qarab sezilarli darajada farq qiladi — taxminan 402 ot kuchidan boshlab, eng yuqori talqinlarda 1140 ot kuchidan oshishi mumkin.


Bentley Barnato bozorda Mercedes-Maybach EQS SUV, Lotus Eletre, Ferrari Purosangue, Aston Martin DBX hamda Range Rover SV kabi premium segment vakillari bilan raqobatlashadi.

Bizning Telegramga obuna bo'ling
BannerMobile banner