Tesla brendi Model S va Model X ishlab chiqarishni muddatidan oldin to‘xtatmoqda
30.03.2026 / 09:25Kompaniya avtonom kelajak sari yo‘l olar ekan, afsonaviy flagman modellari bilan xayrlashmoqda.

Tesla brendi AQShda o‘zining flagman modellari — Model S va Model X ishlab chiqarilishini bosqichma-bosqich to‘xtatishni boshladi. Bu haqda kompaniya mijozlariga yuborilgan rasmiy e-mail orqali ma’lum qilindi.
Xatda Tesla ushbu modellarning tarixiy ahamiyatini alohida ta’kidlaydi. Unga ko‘ra, Model S va Model X elektromobillar ommalashuviga katta hissa qo‘shgan va kompaniyaning bugungi texnologik darajasiga chiqishida muhim rol o‘ynagan.
Shuningdek, ushbu avtomobillar orqali Tesla kelajakda avtonom boshqaruv tizimlarini rivojlantirish uchun zarur bo‘lgan texnologiyalarni ishlab chiqishga muvaffaq bo‘lgan.
Kompaniya xabarda shunday deydi:
“Avtonom kelajak sari yo‘l ochar ekanmiz, Model S va Model X ishlab chiqarilishi yakunlanadi. Agar siz ushbu modellardan birini xarid qilmoqchi bo‘lsangiz, cheklangan miqdordagi avtomobillardan tezroq buyurtma berishingizni tavsiya qilamiz.”
Xabar yakunida esa Tesla mijozlariga oddiy, ammo samimiy minnatdorchilik bildiradi:
“Biz bilan birga bo‘lganingiz uchun rahmat.”
Mutaxassislar fikricha, bu qaror kompaniyaning asosiy e’tiborini yangi avlod texnologiyalari va to‘liq avtonom boshqaruv tizimlariga qaratayotganidan dalolat beradi.







