Mercedesning eng arzon modeli butunlay yangi formatda chiqadi
12.02.2026 / 07:41A va B-Class o‘rniga krossover va miniven aralashmasi.

Mercedes-Benz 2028 yilda mutlaqo yangi modelni taqdim etishni rejalashtirmoqda.
Kompaniya avval A va B-Class modellari ishlab chiqarilishini to‘xtatishi haqida ma’lum qilgan edi, biroq endi brend boshlang‘ich segmentda qolishning yangi yo‘lini topdi. Yangi avtomobil MMA platformasida yaratiladi va rahbariyatga ko‘ra, “ilgari mavjud bo‘lgan hech bir modelga o‘xshamaydi”.
An’anaviy xetchbek yoki kompaktven o‘rniga Mercedes krossover va miniven elementlarini birlashtirgan yangi formatni taklif etadi. Model yosh auditoriya hamda oilaviy xaridorlarga mo‘ljallangan bo‘ladi. U yangilangan kompakt oilaning beshinchi a’zosi sifatida CLA (sedan va universal), GLB va GLA qatoriga qo‘shiladi.
MMA platformasi turli kuch qurilmalarini qo‘llab-quvvatlaydi. Elektr versiyada orqa yoki to‘liq uzatma variantlari bo‘ladi. Gibrid talqinda esa 1,5 litrli turbo dvigatel asos qilib olinadi, old uzatma standart, to‘liq uzatma esa opsiya sifatida taklif etiladi.
Model Mercedes-Benz uchun “kirish darajasi” bo‘lib qoladi, ya’ni brendning eng arzon avtomobili bo‘ladi. Shu sababli AMG versiyalari rejalashtirilmagan. Asosiy maqsad — kompakt segmentni yanada foydaliroq qilish va sodiq mijozlarni saqlab qolish.







