Akkumulyatorni o‘ldiradigan uch eng keng tarqalgan xatoliklar
13.05.2025 / 07:26Magnetolani yoqib, dvigatelni o‘chirib o‘tirish katta xatolardan biridir.

Akkumulyator avtomobilning eng ishonchli qismlaridan biri hisoblanadi.. to haydovchi o‘zi unga zarar bera boshlamaguncha. Eng yomoni — ko‘pincha bu zarar oddiy va odat tusiga kirgan harakatlar orqali yuz beradi.
1-xato odat: "Faqat bir daqiqaga…"
Do‘konga kirib chiqaman, darvozani ochib qo‘yaman deb faralar yoki park chiroqlarini yoqilganicha qoldirasizmi? Ayniqsa qishda, sovuqda bu bir necha daqiqalik yorug‘lik akkumulyatorni kuchli darajada zaryadsizlantiradi.
2-xato odat: "Magnetolani yoqib, dvigatelni o‘chirib o‘tirish"
Mashina ishlamayotgan bo‘lsa-da, ichida o‘tirib musiqa tinglash, telefonni quvvatga qo‘yish yoki ichki yoritishni yoqib qo‘yish — bularning barchasi akkumulyatorni so‘rib boradi. Kuniga 20 daqiqa shunday qilinsa, bir haftada batareya to‘liq «o‘lib» qoladi.
3-xato odat: Faqat qisqa masofaga yurish
Uy – do‘kon – uy. Dvigatelni ishga tushurib, tez orada yana o‘chirasiz. Bunday harakatlar generatorga akkumulyatorni to‘liq zaryad qilishga imkon bermaydi. Natijada, batareyada sulfatlash jarayoni boshlanadi va uning sig‘imi butunlay yo‘qoladi.
Va yana bir unutiladigan jihat — klemma (kontakt) holati
Akkumulyator ulangan joylar — klemma yoki kontaktlar — kir yoki oksidlangan bo‘lsa, tok o‘tishi yomonlashadi. Bu esa ortiqcha energiya sarf bo‘lishiga olib keladi va batareya tez eskiradi. Klemmalarni tozalash esa atigi bir necha daqiqa vaqt oladi: suv va soda aralashmasi yoki maxsus vosita kifoya.
Akkumulyatoringizni asrash uchun oddiy maslahatlar:
- mashinadan tushayotganingizda barcha qurilmalarni o‘chiring;
- haftada hech bo‘lmasa bir marta 20–30 daqiqalik yurish tashkil qiling;
- har oyda klemmalarni tozalang.