Avtomobilning uzatmalar qutisidagi moy qachon almashtiriladi
21.04.2025 / 08:48Ishlab chiqaruvchi tavsiyalarini o‘rganish lozim.

Avtomobil egalari ko‘pincha dvigatel moyini qachon almashtirish kerakligini yaxshi bilishadi, ammo uzatmalar qutisidagi moy haqida yetarli ma’lumotga ega bo‘lmasliklari mumkin. Bu esa uzatma tizimi ishdan chiqishiga olib kelishi ehtimolini oshiradi. Ushbu maqolada uzatmalar qutisi moyini qachon va qanday sharoitda almashtirish kerakligi haqida so‘z yuritiladi:
Har bir avtomobil ishlab chiqaruvchisi o‘z mahsuloti uchun texnik xizmat ko‘rsatish reglamentini ishlab chiqadi. Bu hujjatda moyni qaysi oraliqda almashtirish kerakligi ko‘rsatiladi. Shuning uchun avvalo ishlab chiqaruvchi tavsiyalarini o‘rganish lozim. Biroq faqatgina ushbu ko‘rsatmalar bilan cheklanib qolmaslik kerak, chunki real hayotiy sharoitlar ham hisobga olinishi zarur.
Moy almashtirish oralig‘i ko‘p jihatdan uzatmalar qutisining turiga bog‘liq:
- mexanik va robotlashtirilgan qutilarda moyni odatda 100 ming kilometrdan so‘ng almashtirish tavsiya etiladi;
- variator (CVT) turlarida esa bu interval ancha qisqa — har 30 ming kilometrda bir marta;
- gidravlik avtomatik qutilar (AKP) uchun moyni 60 ming kilometrda almashtirish odatiy hisoblanadi.
Bunda ayrim ishlab chiqaruvchilarning pozitsiyasi farq qilishi mumkin. Masalan, BMW o‘z avtomatik qutilarida moyni butun xizmat muddati davomida almashtirish talab etilmasligini bildiradi. Biroq bu faqat nazariy jihatdan qaralsa to‘g‘ri bo‘lishi mumkin, chunki uzatma tizimi ham mashinaning umumiy xizmat muddati (taxminan 250–300 ming km) bilan cheklangan. Shu sababli, BMW’da foydalaniladigan ZF qutilarining ishlab chiqaruvchisi esa moyni 60 ming kmda almashtirish kerakligini qat’iy belgilagan.
Avtomobil qanday sharoitda ishlatilayotgani moyning xizmat muddatiga bevosita ta’sir qiladi. Agar mashina ko‘pincha tirbandlikda ishlatilsa, harorat o‘zgarishlari keskin bo‘lsa yoki yuklama ko‘p bo‘lsa, moy o‘z xususiyatini tezroq yo‘qotadi. Shuning uchun ishlab chiqaruvchi tavsiya qilgan oraliqni ikki barobarga qisqartirish tavsiya etiladi. Masalan, avtomat qutida moy 60 ming kmda emas, 30–40 ming kmda almashtirilishi kerak bo‘ladi.
Agar siz foydalanilgan avtomobil xarid qilgan bo‘lsangiz, uning texnik holati haqida aniq ma’lumotga ega bo‘lmasligingiz mumkin. Qanday moy ishlatilgani, qachon almashtirilgani noma’lum bo‘ladi. Shu sababli avtomobil egasi sifatida birinchi vazifangiz – barcha texnik suyuqliklar, jumladan, uzatma moyini ham almashtirish bo‘lishi lozim. Bu yondashuv kelgusidagi muammolarning oldini olishda yordam beradi.
Uzatmalar qutisidagi moyni o‘z vaqtida almashtirish – avtomobilning ishonchli va barqaror ishlashi uchun muhim hisoblanadi. Ishlab chiqaruvchi tavsiyalariga amal qilish bilan birga, real foydalanish sharoitlarini ham e’tiborga olish kerak. Ayniqsa, og‘ir sharoitlarda harakatlanuvchi avtomobillar uchun bu masalaga e’tibor yanada yuqori bo‘lishi zarur. Texnik xizmat ko‘rsatishdagi bu oddiy qadam sizni qimmat ta’mirlardan asrashi mumkin.