BannerMobile banner
Maqolalar

Ayollar avtohalokatlarda erkaklarga qaraganda ko‘proq jarohat olar ekan

08.05.2026 / 10:26

Yangi tadqiqot avtomobillardagi xavfsizlik tizimlari hali ham asosan “o‘rtacha erkak” uchun yaratilayotganini ko‘rsatdi.

Blog image

Yangi tadqiqot avtomobil xavfsizligi bilan bog‘liq muhim muammoni ochib berdi: ayollar avtohalokatlarda erkaklarga qaraganda sezilarli darajada ko‘proq jarohat olmoqda.


Avstriyadagi Graz Texnika universitetining (TU Graz) Transport xavfsizligi instituti tomonidan o‘tkazilgan tadqiqotga ko‘ra, avtomobilda birga ketayotgan erkak va ayol ishtirokidagi YTHlarda ayollar uchun jarohatlanish xavfi o‘rtacha 1,6 baravar yuqori bo‘ladi.


Eng katta farq aynan past va o‘rtacha tezlikdagi to‘qnashuvlarda kuzatilgan. Bunday holatlarda ayollar uchun og‘ir jarohat yoki halok bo‘lish ehtimoli erkaklarga qaraganda ikki baravardan ham yuqori ekani aniqlangan. Tadqiqot rahbari Korina Klugning aytishicha, ayollar ko‘pincha ko‘krak qafasi, umurtqa, qo‘l va oyoq sohalaridan jiddiy shikast oladi. Ayniqsa, 50 yoshdan oshgan ayollarda bu muammo yanada yaqqolroq namoyon bo‘lgan.


Muammo nimada


Mutaxassislarning fikricha, asosiy sabab avtomobil xavfsizlik tizimlarining tarixan “o‘rtacha erkak” anatomiyasiga moslab ishlab chiqilganidadir. Ko‘p yillar davomida crash-testlarda standart sifatida “50-foizlik erkak” modeli ishlatilgan — ya’ni o‘rtacha bo‘y va vaznga ega erkak tanasi asos qilib olingan.


Hatto “ayollar uchun” crash-test manekenlari ham aslida erkak modelining kichraytirilgan versiyasi hisoblanadi. Tadqiqotchilar ma’lumotiga ko‘ra, real ayollarning 95 foizi ushbu standart manekendan kattaroq va og‘irroq. Shuningdek, ayol tanasining anatomik xususiyatlari — tos kengligi, ko‘krak qafasi tuzilishi va yelka geometriyasi — frontal va yon zarbalardagi sinovlarda deyarli hisobga olinmaydi.


O‘tirish holati ham katta rol o‘ynaydi


Olimlar real avtohalokatlarni virtual biomexanik modellar orqali qayta simulyatsiya qilgan. Natijada o‘rindiq holati jarohat xavfiga kuchli ta’sir qilishi aniqlangan. Ayollar ko‘pincha yo‘lovchi o‘rindig‘ida harakatlanadi va ayrim hollarda o‘rindiqning ortga surilishi yoki suyanchiqning kuchli egilishi xavfni oshiradi. Korina Klugning ta’kidlashicha, zamonaviy xavfsizlik kamarlari va xavfsizlik yostiqchalari har doim ham bunday holatlar uchun to‘liq moslashmagan.


“Submarining” effekti nima


Tadqiqotchilar yana bir muhim jihatga e’tibor qaratdi: noto‘g‘ri o‘tirish holati yoki qalin kiyim xavfsizlik kamarining samaradorligini pasaytirishi mumkin. Ba’zi holatlarda zarba paytida inson tanasi kamar tagidan sirg‘anib ketadi. Bu hodisa “submarining” deb ataladi va og‘ir ichki jarohatlarga sabab bo‘lishi mumkin.


Kelajak qanday bo‘ladi


TU Graz mutaxassislari avtomobil ishlab chiqaruvchilarini yanada aqlli xavfsizlik tizimlariga o‘tishga chaqirmoqda.


Jumladan:


odam vazni va gavdasiga moslashuvchi xavfsizlik kamarlari;

o‘tirish holatini hisobga oluvchi tizimlar;

turli tana tuzilmalari asosidagi yangi crash-test standartlari


taklif qilinmoqda.


Shuningdek, virtual biomexanik modellar kelajakdagi xavfsizlik sinovlarida muhim rol o‘ynashi mumkinligi qayd etildi.

Bizning Telegramga obuna bo'ling
BannerMobile banner