Avtokredit yoki bo‘lib to‘lash (rassrochka) — qaysi biri foydaliroq
25.04.2025 / 07:04Bo‘lib to‘lashda 50% boshlang‘ich to‘lov talab qilinadi.

UzAuto Motors o‘z mijozlariga Chevrolet Tracker va Onix modellari uchun 30 oylik foizsiz bo‘lib to‘lash shartlarini taklif qilmoqda.
Barchasi yaxshi ko‘rinadi, biroq bu "foizsiz" rassrochka avtomobilning to‘liq narxi bo‘yicha taqdim etilmoqda, ya’ni chegirma hisobga olinmaydi. Boshqacha aytganda, odatdagi “nasiyali savdo” usuli — kredit foizi mashina narxiga yashirin tarzda qo‘shilgan va undan qochib bo‘lmaydi.
Misol orqali tushuntiramiz, Chevrolet Tracker Premier Plus modeli:
- chegirmali narxi — 252 mln so‘m;
- bo‘lib to‘lashdagi narxi — 272 mln so‘m.
Bo‘lib to‘lashda 50% boshlang‘ich to‘lov talab qilinadi. Demak, Tracker Premier Plus uchun oyiga 4,5 mln so‘mdan to‘lov qilasiz (30 oy davomida).
Avtokreditga qarasak: agar shu avtomobilni 252 mln so‘mlik chegirmali narxda oddiy avtokredit orqali olishni xohlasangiz:
- 50% boshlang‘ich to‘lov bilan;
- uch yillik muddatda;
- 25% yillik stavkada.
Oyiga to‘lov miqdori 4,9 mln so‘m bo‘ladi. Natijada, kredit orqali jami to‘lov 300 mln so‘m bo‘ladi, bu esa rassrochkadagi 272 mln so‘mdan biroz qimmatroq.
Har ikki holatda ham mashina garovga qo‘yiladi, kredit sug‘urtasi (kasko) talab etiladi — bu ham 5% atrofida qo‘shimcha xarajat demakdir.
Lekin bu yerda yana bir noaniqlik bor: UzAuto Motors’ning ba’zi hamkor banklari ikki yil muddatga 5% yillik stavkali imtiyozli avtokredit ham taklif qilishmoqda. Biroq bu kredit ham aynan to‘liq narxdagi avtomobil uchun ajratiladi, ya’ni chegirmasiz.
Xulosa qilib aytganda:
- rassrochka — chegirmasiz, lekin foizsiz;
- oddiy kredit — chegirma bilan, lekin yillik foiz to‘lovi bor;
- imtiyozli kredit — past stavkali, lekin ham narx yuqori, ham oyiga to‘lov ko‘p.
Shunday qilib, har bir mijoz o‘zining to‘lov imkoniyatlari, muddat afzalliklari va boshlang‘ich badalga qarab qaror qabul qilishi lozim.