Chevrolet Spark bilan uch yil: afzalliklar, kamchiliklar va haqiqiy narx
21.02.2025 / 11:06Avtoturargohga joylashish oson, yoqilg‘i va xizmat ko‘rsatishga kam mablag‘ sarflanadi — ammo dinamika va qulaylik haqida nima deyish mumkin?

Salom! Mening ismim Timur, Toshkentda yashayman va uch yildan ortiq vaqtdan beri Chevrolet Spark haydayman. Birinchi mashinamni tanlayotganimda, men uchta asosiy mezonga ega edim: tejamkorlik, ixchamlik va xizmat ko‘rsatishda qulaylik. Oxir-oqibat men Spark’da to‘xtadim va hech qachon afsuslanmadim.
Ushbu maqolada men bu mashinaning barcha afzalliklari va kamchiliklari, shaharda va trassada o‘zini qanday tutishi, uni saqlash qanchaga tushishi va nima uchun Spark O‘zbekistondagi eng mashhur avtomobillardan biri bo‘lib qolayotgani haqida so‘zlab beraman.
Nima uchun aynan Spark
To‘g‘risini aytsam, mashina tanlayotganimda variantlar ko‘p emasdi. Katta sedanlar va krossoverlar ham byudjet, ham amaliyot nuqtayi nazaridan darhol yo‘q bo‘lib ketdi. Toshkentda parkovkalar kam, tirbandlik doimiy, yoqilg‘i sarfi ham muhim. Spark menga ixchamligi bilan yoqdi — unda istalgan hovliga sig‘ish mumkin, tirbandliklarda esa osongina harakatlanish mumkin.
Bundan tashqari, muhim omil — yoqilg‘i sarfi. Mening mashinamda 1 litrli atmosfera motori bor va u 100 km masofaga taxminan 9-10 litr sarflaydi. Taqqoslash uchun, Lacetti yoki Cobalt’da bu ko‘rsatkich kattaroq. Shahar uchun zo’r tanlov.
Dinamika bo’yicha nima gap?
Bu yerda to‘g‘risini aytish kerak: Spark — svetoforda keskin start olishni yoqtiradiganlar uchun mashina emas. 100 km/soat tezlikka erishish uchun taxminan 14 soniya vaqt ketadi va bu seziladi. Ammo shaharda yurish uchun bu menga yetarli — asosiysi, u startda to‘mtoqlashmaydi, ayniqsa, yolg‘iz yursang.
Trassada endi qiyinroq. Agar 100-110 km/soat tezlikkacha chiqsa, motor qiynalib ishlaydi, aylanishlar soni yuqori bo‘ladi, salondagi shovqin kuchayadi. Birovga yetib olish yoki tezlikni keskin oshirish endi qiyinroq.
Salondagi qulaylik
Spark ichkarisi tashqaridan ko‘ringanidan kattaroq. O‘zimning bo‘yim 185 sm, bemalol o‘tiribman, joy yetarli. Albatta, agar orqada uchta katta yoshli odam bo‘lsa, bu torroq bo‘ladi, lekin ikki yo‘lovchi uchun bu normal holat.
Salon, albatta, oddiyroq. Plastik ko‘p, lekin u g‘ichirlamaydi. Agar mashinada besh kishi bo‘lmasa, yaxshigina sovitadigan konditsioner bor. Musiqa oddiy, lekin ekranli va orqa kamerali oddiy magnitola o‘rnatish mumkin — u haqiqatan ham yordam beradi, ayniqsa tor joylarda to‘xtaganingizda.
Ishonchlilik va xizmat ko‘rsatish
Ikki yillik ekspluatatsiya davomida bir narsani aytishim mumkin: Spark - bu shunchaki yuradigan mashina. Hech qanday injiqlik, aytarli buzilishlar bo‘lgani yo‘q. Asosiysi, moy, filtrlarni o‘z vaqtida almashtirish va dvigatelni ortiqcha yuklamaslik.
Buning afzalligi shundaki, ehtiyot qismlar arzon va doimo mavjud. Moyni 6-7 ming kmda bir almashtiraman, filtrlar ham bir tiyin. Avtomat qutisi normal ishlayapti, asosiysi moyni almashtirishni unutmaslik va uni keskin tezlanishlar bilan zo‘riqtirmaslik kerak.
Bilishga arziydigan kamchiliklar
Albatta, ideal mashinalar bo‘lmaydi. Spark’ning ham kamchiliklari bor:
Avtomobilning shovqin izolyatsiyasi zaif. 90 km/soatdan keyin salonda shovqin ko‘tariladi — shamol, motor ovozi eshitiladi. Qo‘shimcha shovqin izolyatsiyasi qilsangiz, yaxshi bo‘ladi. Shuningdek, avtomobilning quvvati kam. Trassalarda tez-tez yurilsa, ayniqsa yo‘lovchilar bilan, quvib o‘tish qiyin bo‘ladi. Yetarlicha qattiq osmani ham ajratib ko‘rsatish muhim. Yomon yo‘llarda hamma do‘ngliklar seziladi, ayniqsa g‘ildiraklar zavod tavsiyalariga moslashtirilgan bo‘lsa.
Chevrolet Spark kimlarga mos keladi?
Bu mashina shaharda yashaydigan va ortiqcha pul to‘lashni istamaydiganlar uchun juda mos keladi. Agar sizga tejamkor, ixcham, oddiy avtomobil kerak bo‘lsa — Spark ajoyib tanlov. Ammo agar siz tez-tez "uzoq masofalarga" sayohat qilsangiz va dinamik haydashni yaxshi ko‘rsangiz, foydaliroq narsaga e’tibor qaratganingiz ma’qul.
Tez orada mashinamni almashtirishimni istisno qilmayman, lekin shahar uchun birinchi avtomobilni tanlasangiz, Spark — ajoyib tanlov. U pand bermaydi, xizmat ko‘rsatishda arzon bo‘ladi, eng muhimi — istalgan paytda o‘ziga yangi xo‘jayin topadi.