BYD atigi $17 minglik yangi Yuan Plus’ni taqdim etdi
25.05.2026 / 10:55Yangi elektromobil kuchliroq motor, 630 km yurish zaxirasi va “Xudoning ko‘zi” avtopilot tizimi bilan jihozlandi.

BYD Yuan Plus elektromobilining uchinchi avlodini rasman taqdim etdi. Yangi model tashqi ko‘rinishda keskin o‘zgarmagan bo‘lsa-da, texnik jihatdan sezilarli darajada yangilandi. Eng qiziq tomoni — avtomobil narxi Xitoyda atigi 17 ming dollardan boshlanadi.
Krossover endilikda orqa yetaklovchi e-platform 3.0 Evo platformasiga o‘tdi. Model 278 yoki 326 ot kuchiga ega elektromotorlar bilan taklif qilinadi. Tortish kuchini esa yangi iTAC 2.0 tizimi boshqaradi.
Yangi Yuan Plus Blade ikkinchi avlod litiy-temir-fosfat batareyalari bilan jihozlandi. Xaridorlarga 57,5 va 68,5 kVt/soat sig‘imli batareyalar taklif qilinadi. Yurish zaxirasi esa mos ravishda 540 va 630 kmni tashkil qiladi.

BYD tezkor quvvatlash tizimini ham yaxshiladi. Endi batareyani 10 foizdan 97 foizgacha atigi 9 daqiqada quvvatlash mumkin. Kompaniya batareyaning xavfsizligi va qizib ketishga chidamliligi ham oshirilganini ta’kidladi.
Osma tizimi ham modernizatsiya qilindi. Old tomonda McPherson, orqa qismda esa mustaqil besh richagli osma qo‘llanilgan. Bundan tashqari, Yunlian-C tizimi real vaqt rejimida amortizator qattiqligini moslashtirib turadi.
Avtomobil uzunligi 4665 mmga yetgan, g‘ildirak bazasi esa 2770 mmni tashkil qiladi. Shu sababli salon avvalgidan ancha kengroq bo‘lgan. Bagaj hajmi 750 litrga yetadi, old tomonda esa qo‘shimcha 180 litrli frunk mavjud.

Interyer to‘liq qayta ishlangan. Krossover katta multimedia ekrani, proyeksion displey, yangi rul va uzatma selektori bilan jihozlandi. Shuningdek, 50 vattli simsiz quvvatlash, o‘rindiqlar ventilyatsiyasi va isitilishi, oyoq qo‘ygichi bor “qirollik” o‘rindig‘i, muzlatgich hamda 16 ta dinamikli audio tizim mavjud.
Narxlar Xitoy bozorida $17,6 mingdan $22 ming yuangacha etib belgilangan.







