UzAuto Damasni yangilatishga tayyorlanmoqda
13.10.2025 / 09:15Yangi Damas eski versiya bilan bir vaqtda chiqariladi.

UzAuto Motors mashhur Damas minivenining yangilangan versiyasini ishlab chiqarishga tayyorlanmoqda. Yangi model kichik biznes va shaxsiy mijozlar ehtiyojlarini inobatga olgan holda yaratilgan bo‘lib, u avvalgisidan kattaroq, qulayroq va sig‘imdorroq bo‘ladi.
Yangi Damas Move (yo‘lovchi versiyasi) va Damas Max (yuk-yo‘lovchi versiyasi) ikki ko‘rinishda taqdim etiladi. Ishlab chiqarish hozirgi Damas bilan bir qatorda olib boriladi, bu esa xaridorlarga vaqt sinovidan o‘tgan klassika va zamonaviy texnologiyalar o‘rtasida tanlov imkonini beradi.
Yangi model Euro-5 ekologik standartiga mos bo‘lishi va 7 nafargacha yo‘lovchini tashish imkonini berishi kutilmoqda. Mazkur avtomobilning asosi sifatida Xitoyda ishlab chiqarilgan Chevrolet N400 (Wuling Hongguang V) platformasidan foydalanilishi mumkin.
Dvigatel hajmi 1,2 litr, 5 pog‘onali mexanik uzatma bilan juftlangan. Salon mato qoplamali, 14 dyuymli po‘lat disklar, oddiy audio tizim va monoxrom panel bilan jihozlanadi. Standart to‘plamda ABS va EBD tizimlari, shuningdek, orqa o‘rindiqlarni buklash imkoniyati mavjud bo‘ladi.