Hyundai va General Motors yangi hamkorlikni muhokama qilmoqda
27.03.2025 / 07:45GM vakillari hozircha muzokaralar tafsilotlari bo‘yicha izoh berishdan bosh tortdi.

Hyundai Motor va General Motors avtomobil ishlab chiqarishda texnologiyalarni almashish bo‘yicha kelishuvga yaqinlashmoqda. GM Hyundai tomonidan ishlab chiqariladigan ikkita elektr tijorat furgonidan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Buning evaziga GM Chevrolet Colorado yoki GMC Canyon kabi ramali pikaplaridan birini Hyundai brendi ostida Shimoliy Amerikada sotish uchun taqdim etadi.
Dastlab, Hyundai ushbu furgonlarni Janubiy Koreyada ishlab chiqarib, GM va o‘z brendi ostida sotadi. 2028-yilgacha esa kompaniya ularni Shimoliy Amerikada ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishni rejalashtirmoqda. Hyundai yangi zavod qurish yoki ishlab chiqarishni autsorsingga topshirish imkoniyatini ham ko‘rib chiqmoqda.
Bu kelishuv yanada kengroq hamkorlikning boshlanishi bo‘lishi mumkin. Hyundai va GM avtomobillar uchun chiplar va akkumulyatorlarni birgalikda ishlab chiqish va ishlatish masalasini ham o‘rganmoqda. Bu ularga Xitoy avtomobil ishlab chiqaruvchilari bilan raqobatda ustunlik berishi va global savdo urushi xavfiga qarshi chora bo‘lishi mumkin.
GM vakillari hozircha muzokaralar tafsilotlari bo‘yicha izoh berishdan bosh tortdi. Hyundai esa kompaniyalar asosiy sohalarda hamkorlik qilish imkoniyatini o‘rganayotganini, lekin hali yakuniy qarorga kelinmaganini ta’kidladi.