Pskentdagi avtomobil sinovlari: navbatlar va muammolar
28.03.2025 / 08:59UzTest laboratoriyasi kuniga 100-120 ta avtomobilni tekshirishi va 24/7 rejimida ishlashi haqida ma’lum qildi.

Pskentdagi avtomobil sinov poligonida texnik ko‘rik uchun navbatlar saqlanib qolmoqda. Elektron ro‘yxatdan o‘tish tizimi har kuni soat 00:00 da ochiladi va bor-yo‘g‘i 1-2 daqiqa ichida joylar tugaydi. Ayrim haydovchilar navbat olish uchun qo‘shimcha pul to‘lashga tayyor.
Yangi tartibga ko‘ra, jismoniy shaxslar va rasmiy diler bo‘lmagan tadbirkorlar tomonidan import qilingan avtomobillar bojxona hududida emas, balki Pskentdagi poligonda sinovdan o‘tkaziladi. Ushbu tizim noyabr oyida joriy etilgan bo‘lib, natijada navbatlar yuzaga kelgan. Elektron ro‘yxatga olish, xodimlar sonini oshirish va tekshiruv vaqtini qisqartirish muammoni to‘liq hal eta olmadi.
UzTest laboratoriyasi kuniga 100-120 ta avtomobilni tekshirishi va 24/7 rejimida ishlashi haqida ma’lum qildi. Tashkilot korrupsiyaning oldini olish uchun ro‘yxatga olish jarayoni davlat xizmatlari portali orqali amalga oshirilishini bildirgan. Rasmiy sinov tariflari: elektromobillar uchun 4,48 mln so‘m, ichki yonuv dvigateliga ega avtomobillar uchun 5,6 mln so‘m. Noqonuniy to‘lov holatlari yuzasidan 1880 qisqa raqamiga murojaat qilish so‘ralgan.