Tesla Cybertruckga talab pasaydi va avtobrend e’tiborni Model Yga qaratmoqda
01.05.2025 / 09:17Ayni paytda Tesla aksiyalari 40% ga tushgan.

Tesla 2019-yilda e’lon qilgan Cybertruck pikapi kutilgan muvaffaqiyatga erisha olmadi — hozirgacha 50 mingdan kam dona sotilgan.
Aprelda taqdim etilgan arzonroq model ham sotuvni oshira olmadi. Avtobrend ishlab chiqarishni qisqartirib, resurslarni Model Y’ga yo‘naltirdi, bir qator ishchilar boshqa loyihalarga o‘tkazildi yoki ishdan bo‘shatildi.
Cox Automotive ma’lumotlariga ko‘ra, 2025-yilning birinchi choragida atigi 6 400 dona Cybertruck sotilgan — bu avvalgi chorakka nisbatan ikki baravar kam. Bozordagi noaniqliklar fonida Tesla katta chegirmalar berib, talabni rag‘batlantirishga harakat qilmoqda.
Ayni paytda Tesla aksiyalari 40% ga tushgan. Ilon Mask ishlab chiqarishni ikki baravar oshirishni va’da qilgan, biroq arzon yangi modelning chiqishi kechiktirilgan. Mask avtonom robotaksi loyihasiga umid qilmoqda, ammo bu yo‘nalishda raqobatchilar oldinda ketmoqda.