Kelajakdagi Mercedes-Benz modellari Geely platformasida ishlab chiqarilishi mumkin
06.03.2026 / 05:40Nemis premium brendi yangi elektromobillar uchun Xitoy texnologiyalaridan foydalanishni rejalashtirmoqda.

Mercedes-Benz kompaniyasi kelajakdagi ommaviy elektromobillarini yaratishda Xitoyning Geely konserni texnologiyalaridan foydalanishi mumkin.
Ma’lumotlarga ko‘ra, kompaniya “Phoenix” kod nomi ostidagi yangi global platformani ishlab chiqmoqda. Ushbu platforma hozirgi MMA arxitekturasining o‘rnini bosadi va Mercedes-Benz’ning kompakt modellari — A-Class, B-Class, GLA, GLB hamda CLA uchun asos bo‘lib xizmat qiladi.
Yangi platformada Geely’ning zamonaviy GEEA 4.0 elektron va elektr arxitekturasi qo‘llanilishi kutilmoqda. Bu texnologiya Xitoy konsernining ilg‘or ishlanmalaridan biri hisoblanadi. Uning avvalgi versiyasi — GEEA 3.0 — allaqachon Geely Galaxy E5 modelida qo‘llanilmoqda.
Dastlab yangi platforma Xitoydagi zavodlarda sinovdan o‘tkazilishi va ishlab chiqarilishi rejalashtirilgan. Shundan so‘ng ushbu platforma asosidagi avtomobillar global bozorlarda sotuvga chiqariladi. Serial ishlab chiqarish 2030 yilga yaqin boshlanishi kutilmoqda.
Mercedes-Benz va Geely o‘rtasidagi hamkorlik faqat elektron tizimlar bilan cheklanmaydi. Masalan, 2026 yilgi yangi Mercedes-Benz CLA modeli uchun 1,5 litrli M252 dvigateli ham Geely bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan va Xitoyda ishlab chiqarilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Geely hozirda Mercedes-Benz’ning bosh kompaniyasi hisoblangan Daimler konsernining eng yirik institutsional aksiyadorlaridan biri sanaladi.







