Birinchi uzuksiz Audi Xitoyda muvaffaqiyatsizlikka uchradi
26.02.2026 / 07:26AUDI E5 $4400 chegirma bilan sotilmoqda.

Audi kompaniyasining Xitoy bozorini yangi AUDI subbrendi orqali zabt etish rejasi kutilganidek o‘zini oqlamadi. Afsonaviy to‘rt halqasiz taqdim etilgan yangi brendning ilk modeli — SAIC bilan hamkorlikda yaratilgan elektr liftbek E5 Sportback — sust savdo ko‘rsatkichlarini namoyish qilmoqda. Vaziyatni saqlab qolish maqsadida ishlab chiqaruvchi model narxini atigi yarim yil o‘tib keskin pasaytirdi.
2025 yil avgust oyida sotuvlar boshlanganidan beri kompaniya atigi 7070 ta avtomobilni mijozlarga yetkazib bera oldi. 2026 yil yanvar oyida esa bor-yo‘g‘i 420 dona sotilgan. Taqqoslash uchun, o‘tgan yil davomida Xitoyda 250 mingdan ortiq Xiaomi SU7 sedani xarid qilingan.
Hattonki “Xitoyda yil avtomobili” maqomi va “yarim soatda 10 mingta oldindan buyurtma” haqidagi bayonotlar ham modelga barqaror talabni ta’minlay olmadi.
Talab pasayishi fonida brend 31 martga qadar amal qiladigan aksiyani e’lon qildi: avtomobil 30 ming yuan (taxminan 4370 dollar) chegirma bilan taklif etilmoqda. Endi modelning boshlang‘ich narxi 205 900 yuan (29,8 ming dollar)ni tashkil etadi. Taklif doirasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri chegirma, xarid solig‘i kompensatsiyasi, trade-in subsidiyasi va 5 yilga 0 foizli bo‘lib to‘lash imkoniyati mavjud.
AUDI E5 Sportback 776 ot kuchigacha bo‘lgan quvvatga ega kuch qurilmasi, CLTC sikliga ko‘ra 773 km gacha yurish zaxirasi, lidar tizimi va salon bo‘ylab 59 dyuymli ulkan displey bilan jihozlangan.
Shu bilan birga, muammolar faqat AUDI bilan cheklanmayapti. BMW va Mercedes-Benz ham Xitoyda Zeekr va Xiaomi kabi mahalliy brendlar bilan raqobat qilish uchun narxlarni 10 foiz va undan ko‘proq pasaytirishga majbur bo‘lmoqda. O‘tgan yil yakunlariga ko‘ra, Xitoydagi rasmiy dilerlik markazlarining uchdan biridan kamrog‘i foyda bilan ishlagan.







