Yangi BMW iX7 ilk bor yo‘lda ko‘rindi
07.04.2026 / 06:53Neue Klasse dizayni, 800 voltli platforma va 100 kVt·soatdan katta batareya.

BMW kompaniyasi o‘zining flagman krossoveri — X7’ning to‘liq elektr versiyasi ustida ishlamoqda. Carscoops tomonidan yangi BMW iX7 prototipining real yo‘ldagi suratlari e’lon qilindi.
Ko‘rinishidan, iX7 dizayn jihatidan benzinli BMW X7 modelidan keskin farq qilmaydi. Yangi avlod Neue Klasse modellari — masalan, i3 va iX3’dan farqli o‘laroq, flagman SUV konservativroq tashqi ko‘rinishga ega bo‘ladi. Avtomobil o‘ziga xos siluetni, katta radiator panjarasini va ikki qavatli old optikani saqlab qoladi.

Elektr versiyaning asosiy farqlari yopiq “nosed” panjara va chiqindi trubalarining yo‘qligi bilan cheklanadi. BMW bu yerda 5-Series/i5 va 7-Series/i7 juftliklarida qo‘llangan yondashuvni davom ettirmoqda — ya’ni turli dvigatelli modellarning tashqi ko‘rinishini maksimal darajada o‘xshash qilish.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, iX7 va benzinli X7 bir xil modernizatsiya qilingan platformada ishlab chiqiladi. Bu esa ishlab chiqarishni soddalashtirish va xarajatlarni kamaytirishga xizmat qiladi.
Texnologiyalar borasida esa iX7 zamonaviy yechimlar bilan jihozlanadi. Model 800 voltli arxitektura, yuqori energiya zichligiga ega yangi batareyalar va tezkor zaryadlash imkoniyatiga ega bo‘ladi. Batareya sig‘imi 100 kVt·soatdan oshishi kutilmoqda.
Shuningdek, krossover ikki elektromotorli tizim bilan to‘liq yuritmaga ega bo‘ladi. Eng kuchli versiyada quvvat 800 ot kuchidan oshishi mumkin.
BMW iX7 modelining rasmiy taqdimoti 2027-yilda kutilmoqda. Narxi esa $100 mingdan yuqori bo‘lishi taxmin qilinmoqda.







