BannerMobile banner
Yangiliklar

Toshkentda transport tizimi islohoti boshlandi

27.02.2026 / 06:56

Prezident qarori asosida poytaxtda “aqlli” svetoforlar, yangi yo‘l chiziqlari va avtoturargohlar tizimi joriy etiladi.

Blog image

Toshkent shahrida transport tizimini modernizatsiya qilish bo‘yicha prezident qarorining amaliy ijrosi boshlandi. Bu haqda Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva ma’lum qildi.


Uning ta’kidlashicha, maxsus tashkil etilgan Yo‘l harakatini tashkil etish markazi allaqachon tirbandliklarni kamaytirish, ekologik vaziyatni yaxshilash hamda jamoat transporti faoliyatini samarali nazorat qilish bo‘yicha qator yechimlarni ishlab chiqqan.


Loyiha doirasida poytaxt ko‘chalarida “aqlli” svetoforlar o‘rnatish, yangi yo‘l chiziqlarini chizish va avtoturargohlar tizimini qayta tashkil etish rejalashtirilgan. Ushbu chora-tadbirlar harakat xavfsizligini oshirish va tirbandliklarni kamaytirishga qaratilgan.



Saida Mirziyoyeva topshiriqlar Toshkent shahar hokimligi tomonidan to‘liq bajarilishiga umid bildirdi hamda qaror ijrosini shaxsan nazorat qilishini ma’lum qildi.


“Umid qilamanki, shahar hokimi va uning jamoasi ushbu qarorning to‘liq bajarilishi uchun barcha sa’y-harakatlarni amalga oshiradi. Ushbu vazifalar ijrosini ham nazorat qilib boraman. Jamoaga shahar uchun juda muhim va zarur bo‘lgan ushbu loyihada muvaffaqiyatlar tilayman,” — dedi Saida Mirziyoyeva.

Bizning Telegramga obuna bo'ling
BannerMobile banner