UzAuto Motors yangi $65 minglik Chevrolet Traverse savdosini boshladi
03.02.2026 / 12:32Uch qatorli krossover yangi versiyada namoyish etildi.

UzAuto Motors Chevrolet Traverse Z71 modelini taqdim etdi. Avtomobil savdosi rasmiy dilerlik markazlarida boshlandi, biroq modelni onlayn tarzda xarid qilish imkoniyati mavjud emas.

Chevrolet Traverse Z71 2,5 litrli turbomotor bilan jihozlangan bo‘lib, dvigatel quvvati 328 ot kuchini tashkil etadi. Model to‘liq uzatma tizimi, oshirilgan klirens hamda yo‘ldan tashqari sharoitlar uchun moslangan. Salon ichida 17,7 dyuymli markaziy ekran, raqamli asboblar paneli va uch qatorli keng o‘rindiqlar mavjud.
Tashqi ko‘rinishda qora rangdagi radiator panjarasi, mat himoya elementlari va qizil rangdagi tortish ilgaklari e’tiborni tortadi. UzAuto Motors Traverse’ni shahar hayoti bilan bir qatorda sayohat va faol dam olishni yoqtiradiganlar uchun mos avtomobil sifatida joylashtirmoqda.

O‘zbekistonda Chevrolet Traverse narxi 795 mln so‘mni tashkil etadi, bu taxminan $65 mingga teng.







