General Motors avtomobillarida katta nuqsonlar aniqlandi
30.04.2025 / 09:21Muammo topilsa dvigatel ta’mirlanadi yoki butunlay almashtiriladi.

GM AQShda 877 mingta pikap va yirik yo‘ltanlamas avtomobillarni chaqirib olish kampaniyasini boshladi.
Bunga 6,2 litrli V8 dvigatellarda aniqlangan ishlab chiqarishdagi nuqson sabab bo‘ldi. Bu muammo dvigatel quvvatining yo‘qolishiga yoki uning to‘liq ishdan chiqishiga olib kelishi mumkin. Shu bilan birga, diler markazlaridagi potentsial muammoli avtomobillarni sotishga vaqtincha taqiq joriy qilindi.
Chaqirib olinayotgan mashinalar orasida GMning eng mashhur modellaridan ba'zilari bor:
- Cadillac Escalade va Escalade ESV;
- Chevrolet Silverado 1500, Suburban va Tahoe;
- GMC Sierra 1500, Yukon va Yukon XL.
Barcha avtomobillar 2021–2024 yillarda ishlab chiqarilgan bo‘lib, ularga L87 indeksi ostidagi 6,2 litrli V8 dvigatellar o‘rnatilgan. Ushbu motorlar 2025-yil boshida AQShning Milliy yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi (NHTSA) tomonidan dvigatel nosozliklariga oid ko‘plab shikoyatlar ortidan o‘rganila boshlangan edi.
Muammo motorning ichki qismlaridagi — xususan, krank vali va shatunlardagi — ishlab chiqarishdagi shikastlanishlarda bo‘lib, bu mashinaning harakat davomida to‘xtab qolishiga olib kelishi mumkin.
Chaqirib olish doirasida barcha ta’sirlangan avtomobillar batafsil texnik ko‘rikdan o‘tkaziladi. Agar dvigatelda muammo aniqlanmasa, dilerlar moy filtrini va moy quyish qopqog‘ini almashtiradi. Agar muammo topilsa, dvigatel ta’mirlanadi yoki butunlay almashtiriladi.
Hozirda NHTSA tomonidan olib borilayotgan tergov davom etmoqda. Shu sababli avtomobil egalari dilerlik markazlariga murojaat qilib, avtomobil holati bo‘yicha aniq ma’lumot olishlari tavsiya etiladi.