O‘zbekistonda yangi ogohlantiruvchi va axborot belgilari paydo bo‘ladi
14.04.2025 / 05:47YTH xavfi yuqori bo‘lgan yo‘l qismlari aniqlanadi, qator yangi belgilar joriy etiladi.

O‘zbekistonda yo‘l harakati qoidalari yangi ogohlantiruvchi va qo‘shimcha axborot belgilari bilan to‘ldiriladi. Bu haqda joriy yilning 3 aprel kuni Vazirlar Mahkamasining jamoatchilik muhokamasi uchun e’lon qilingan “O‘zbekiston Respublikasi hukumatining ayrim qarorlariga yo‘l infratuzilmasini rivojlantirish hamda xavfsiz harakatlanishni takomillashtirishga qaratilgan qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qarorida gap boradi
Rasmiylarga ko‘ra, bir nechta hukumat qarorlariga o‘zgartirishlar kiritilib, yo‘l infratuzilmasini zamonaviylashtirish va harakat xavfsizligini oshirish rejalashtirilgan. Jumladan, Yo‘l harakati qoidalarining 6-bandiga “YTH o‘chog‘i” tushunchasi qo‘shiladi.
Yangi aniqlashga ko‘ra, “YTH o‘chog‘i” — bu avtomobil yo‘li, ko‘cha yoki chorrahaning 1 km gacha bo‘lgan (shaharda esa 200 metr gacha bo‘lgan) qismi bo‘lib, bir yil ichida u yerda uch yoki undan ortiq bir xil, yoki besh va undan ortiq turli xil YTH sodir bo‘lgan bo‘lsa, ushbu hudud YTH o‘chog‘i deb hisoblanadi.
Bunday o‘choqlar uch turga bo‘linadi:
- Uzoq muddatli: infratuzilma o‘zgarishini, binolarni ko‘chirishni, ko‘priklar qurilishini talab qiladi;
- Mavsumiy: yomon ob-havo tufayli xavfli hududlar;
- Qisqa muddatli: 3 oy ichida xavf bartaraf etilishi mumkin bo‘lgan joylar.
Shuningdek, yangi ogohlantiruvchi belgilar taklif qilinmoqda:
- 1.15.1 — “Sirpanishga qarshi zanjir yoki shipli shinada harakatlanish” belgisi, qishki sharoitda tog‘li va cho‘l hududlarda o‘rnatiladi;
- 1.36 — “YTH o‘chog‘i” belgisi, bu belgi tezlikni cheklash (3.24), yo‘lga yaqinlik (7.1.1–7.1.4), amal qilish zonasi (7.2.1–7.2.6), yo‘nalish (7.3.1–7.3.3) belgilariga qo‘shimcha sifatida qo‘yilishi mumkin.
Shuningdek, yangi axborot belgilar ro‘yxati ham kengaytiriladi:
- 7.27 — “Piyodaga urilish”;
- 7.28 — “Transport vositalari to‘qnashuvi”;
- 7.29 — “Velosipedchiga urilish xavfi”;
- 7.30 — “Avtomobil ag‘darilishi” xavfi.
Yo‘l chiziqlari uchun bo‘yoq va boshqa texnik vositalarning narxlari har oyda bozor monitoringi asosida aniqlanadi. Agar narxlarda sezilarli farq kuzatilsa, bu holat Davlat yo‘l harakati xavfsizligi xizmati va Iqtisodiyot va moliya vazirligiga ma’lumot sifatida yuboriladi.
Qaror muhokamasi joriy yil 18 aprelga qadar davom etadi.