UzAuto Motors Tracker va Onix uchun yangi chegirma e’lon qildi
15.04.2026 / 06:282025-yilgi avtomobillar uchun 4 mln so‘m chegirma taklif qilinmoqda.

UzAuto Motors kompaniyasi Chevrolet Tracker va Chevrolet Onix modellari uchun yangi aksiya e’lon qildi. Chegirma faqat bo‘lib to‘lash (rassrochka) asosida xarid qilinganda amal qiladi va 4 million so‘mni tashkil etadi.
Mazkur taklif faqat 2025-yilda ishlab chiqarilgan avtomobillarga taalluqli. Kompaniya shu yo‘l bilan ombordagi eski modellardan xalos bo‘lishga harakat qilmoqda.
Shu bilan birga, ushbu chegirma boshqa aksiyalar bilan qo‘shilmaydi. Ya’ni xaridor ikki variantdan birini tanlaydi: yoki 100% to‘lov uchun beriladigan chegirma, yoki bo‘lib to‘lashda 4 mln so‘mlik chegirma.
Rassrochka shartlari o‘zgarmagan: avtomobillar bank hamkorlari orqali to‘liq qiymatda rasmiylashtiriladi, boshlang‘ich to‘lov 20% dan boshlanadi, muddat esa 60 oygacha. Foiz stavkasi 0% bo‘lib qoladi, biroq KASKO va moliyaviy risklarni sug‘urtalash majburiy.
Shuni ta’kidlash kerakki, 220–270 mln so‘m oralig‘idagi avtomobillar uchun 4 mln so‘mlik chegirma katta farq qilmaydi. Taqqoslash uchun, avvalroq 100% to‘lovda Tracker uchun chegirma 34 mln so‘mgacha, Onix uchun esa 22,5 mln so‘mgacha yetgan edi.
Mutaxassislar fikricha, bu aksiya ko‘proq ramziy qadam bo‘lib, asosiy maqsad — 2026-yilgi modellarga o‘tish oldidan omborlarni bo‘shatishdir.







