Yo‘l harakati qoidalarini buzgan haydovchilarga ballik jazo ishga tushmoqda
12.05.2025 / 09:31Haydovchi hisobida ikki balldan kam bo‘lsa, barcha ballar nolga tenglashtiriladi.

2025-yil 1-iyundan boshlab O‘zbekistonda yo‘l harakati qoidalarini buzgan haydovchilarga nisbatan yangi — balli jazolash tizimi ishga tushiriladi. Bu haqda 6-may kuni Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlangan qarorda batafsil ma’lumot berilgan.
Endilikda har bir qayd etilgan yo‘l harakati qoidabuzarligi uchun haydovchilarga jarima bilan birga maxsus ballar ham beriladi. Bu ballar moliyaviy jarimadan alohida hisoblanadi va jarima to‘lash majburiyatini bekor qilmaydi. Tizim Ichki ishlar vazirligining Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati axborot tizimidagi “E-jarimaball” moduli orqali avtomatik ravishda ishlaydi, inson aralashuvisiz.
Ilk bosqichda tizim faqat YPX xodimlari tomonidan tuzilgan ma’muriy bayonnomalar asosida ishlaydi. Kelgusida bu tizimni foto va video kameralarda qayd etilgan huquqbuzarliklarga ham tatbiq etish rejalashtirilgan. Buning uchun haydovchini aniqlovchi maxsus texnologiyalar joriy etiladi.
Halol haydovchilar rag‘batlantiriladi
Tizimda ijobiy motivatsiya ham mavjud: agar haydovchi 12 oy davomida hech qanday qoidabuzarlikka yo‘l qo‘ymasa, navbatdagi qoidabuzarlik uchun birinchi jarima balli qo‘llanilmaydi. Shuningdek, oxirgi qoidabuzarlikdan so‘ng 6 oy ichida boshqa qoidabuzarlik sodir etilmasa, umumiy ballardan 2 ball avtomatik yechib tashlanadi. Agar haydovchi hisobida 2 balldan kam bo‘lsa, barcha ballar nolga tenglashtiriladi va yangi hisob avtomatik tarzda boshlanadi. 12 oy ichida 12 balldan ortiq ball to‘plangan taqdirda esa haydovchi muayyan muddatga haydovchilik huquqidan mahrum etiladi.
Kimlarga tatbiq qilinmaydi?
- tizim quyidagi toifadagi shaxslarga tatbiq qilinmaydi;
- mamlakatda vaqtincha bo‘lib turgan chet ellik haydovchilar;
- diplomatik maqomga ega shaxslar;
- xalqaro tashkilotlar vakillari (fuqaroligi O‘zbekiston bo‘lmaganlar).
Ballar to‘g‘risidagi ma’lumot qanday olinadi?
Jarima ballari haqida haydovchilarga SMS xabarnoma yuboriladi. Ballarni “E-jarimaball” mobil ilovasi, my.gov.uz portali yoki davlat xizmatlari orqali tekshirish mumkin. Agar haydovchi belgilangan qoidabuzarlik bo‘yicha sudga murojaat qilsa, ballar faqat sud qaroridan so‘ng rasmiylashtiriladi.
O‘zbekiston Respublikasi Yo‘l harakati qoidalarini buzganlik uchun 2025-yil 1-iyundan boshlab joriy etiladigan jarima ballari tizimi bo‘yicha asosiy qoidabuzarliklar va ularga mos ball miqdorlari quyidagicha belgilanmoqda:
- avtomobilning tormoz tizimi, rul boshqaruvi yoki bog‘lovchi qurilmasi nosoz bo‘lgan holatda boshqarish, yoki ruxsatsiz tarzda qayta jihozlangan transport vositasida harakatlanish — 0,3 ball (avval 0,5 ball taklif etilgan);
- kspluatatsiyasi taqiqlangan yoki davlat raqam belgisi noqonuniy olib tashlangan transport vositasini boshqarish — 1 ball;
- ruxsatsiz tonirovka qilingan yoki oynalarining rangini o‘zgartirilgan transport vositasidan foydalanish — 0,5 ball;
- 1 yil ichida tonirovka bo‘yicha qoidalarni takroran buzish — 1 ball;
- tashqi tovush signallarini asossiz ishlatish yoki ishlab chiqaruvchi tomonidan ko‘zda tutilmagan yorug‘lik va tovush moslamalarini o‘rnatish — 0,2 ball (avval 0,5 ball taklif etilgan);
- ruxsat etilgan tezlikni 20 km/soatgacha oshirish — 0,5 ball;
- tezlikni 20 km/soatdan 40 km/soatgacha oshirish — 1 ball;
- tezlikni 40 km/soatdan 60 km/soatgacha oshirish — 1,5 ball;
- tezlikni 60 km/soatdan ortiq oshirish — 2 ball;
- qizil chiroqda harakatlanish yoki tartibga soluvchining belgilariga amal qilmaslik — 1 ball;
- maxsus transport vositalariga (tez yordam, o‘t o‘chirish va boshqalar) yo‘l bermaslik — 0,5 ball;
- qarama-qarshi yo‘nalishga chiqish yoki xavfli holat yaratish — 1 ball (dastlab 2 ball taklif etilgan);
- noto‘g‘ri to‘xtash yoki parkovka qoidalarini buzish — 0,2 ball (avval 0,3 ball);
- yo‘lovchilarni tashish qoidalarini buzish — 0,3 ball (ilgari 0,5 ball);
- ichki ishlar organlari hamrohligisiz odam tashish majburiy bo‘lgan holatlarda avtobus yoki mikroavtobus haydash — 0,5 ball;
- obgon qoidalarini buzish — 1 ball (dastlab 1,5 ball);
- guruh bo‘lib harakatlanib yo‘l harakati xavfsizligiga tahdid solish — 1,5 ball (avval 2 ball taklif etilgan);
- temir yo‘l o‘tish joyidan o‘tish qoidalarini buzish — 1 ball;
- yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lgan joyni noqonuniy tark etish — 2 ball.
Yangi tizim O‘zbekistonda yo‘l harakati madaniyatini oshirish, avariyalarni kamaytirish va mas’uliyatli haydovchilarni rag‘batlantirish maqsadida joriy etilmoqda. Ushbu tizim orqali nafaqat jazolash, balki yo‘l harakati ishtirokchilarini tartibga chaqirishga ham erishiladi.