Changan haydalgan Nexia-3'dan arzon 191 ot kuchiga ega krossoverni taqdim etdi
19.08.2025 / 06:49Avtomobilni boshlang'ich narxi — $9 730.

Changan Xitoyda yangi krossoverini taqdim etdi — bu Changan X5 PLUS 2026. Narxi $9 730 — $14 460 oralig‘ida, lekin aksiyalar tufayli avtomobilni hatto $8 336 — $11 677 sotib olish mumkin. Qiziq tomoni shundaki, Xitoydagi eng zo‘r komplektatsiyadagi X5 PLUS hatto O‘zbekistonda yangi Chevrolet Cobalt’dan arzonroq turadi.
Avtomobil xaridorlari uchun qo‘shimcha bonuslar ham bor: $3 340 gacha cashback, $278 chegirma trade-in orqali, 36 oygacha foizsiz muddatli to‘lov, hatto mashina egasi bo‘lgan davr mobaynida bepul internet ham taqdim etiladi.
Yangi Changan X5 PLUS o‘zining jozibali dizayni bilan ajralib turadi: katta radiator panjarasi, 30 dyuymli uch ekranli panoramali panel, adaptiv kruiz-kontrol, iqlim nazorati, to‘qnashuv ogohlantirish tizimi va boshqa zamonaviy funksiyalar. Yukxona hajmi 584 litr bo‘lib, orqa o‘rindiqlar bukilganda 1318 litrgacha kengayadi.
Krossover 1,5 litrli 191 ot kuchiga ega New Blue Whale turbo dvigateli bilan jihozlangan. Baza versiyasi mexanik uzatma bilan, qolgan variantlari esa 7 pog‘onali robotlashtirilgan transmissiya bilan taqdim etiladi. Oldi osma — McPherson, orqa qismi esa ko‘p richagli mustaqil osma bilan ishlab chiqilgan.