BannerMobile banner
Yangiliklar

Cobalt Midnight endi navbatsiz sotib olinmoqda

20.05.2025 / 08:30

Rasmiy narxi - 155,2 mln so‘m bo‘lgan ushbu model ayrim avtosalonlarda 167 mln so‘mga taklif qilinmoqda.

Blog image

19-may, 2025 — UzAuto Motors dilerlik markazlari Cobalt Midnight rusumidagi avtomobillarni bozor narxida, navbatsiz tarzda sotishni boshladi.


Rasmiy narxi - 155,2 mln so‘m bo‘lgan ushbu model ayrim avtosalonlarda 167 mln so‘mga taklif qilinmoqda. Bunga sabab — avtomobillarni sotishda yangi yondashuv: endilikda UzAuto Motors dilerlari zavoddan avtomobillarni bevosita sotib olib, ularni o‘zlari belgilagan narxda sotish huquqiga ega. Bu esa ularni bozor va “svyaz” orqali ishlaydigan qayta sotuvchilarga raqobatchi sifatida maydonga olib chiqadi.


Yangi tizimda mijozga tanlov beriladi: rasmiy, arzonroq narxda avtomobil olish uchun yarim yil kutish yoki biroz ko‘proq to‘lab, mashinani hozirning o‘zida olish. Bu yo‘l mashinalar tanqisligini yumshatishga qaratilgan yagona, garchi og‘riqli bo‘lsa-da, mexanizm sifatida taqdim etilmoqda.


Ammo tizimdagi ochiqlik va adolat borasida savollar ko‘p. Endilikda avtosalonlar cheklanmagan miqdorda shartnoma tuzish huquqiga ega bo‘ladi, oddiy xaridor esa bu jarayondan chetda qoladi. Ilgari qayta sotuvchilar shartnoma olish uchun oddiy mijozlar bilan teng shartlarda kurashgan bo‘lsa, hozir bu imkoniyat faqat dilerlarga berilmoqda.


Bu esa yana biznes va UzAuto Motors foydasiga ishlaydi. Dilerlar har bir mashinadan 10% atrofida foyda ko‘radi, xaridorlar esa bozor yoki avtosalondan yuqori narxda xarid qilishga majbur bo‘ladi. Muammoni hal qilish uchun shartnoma tuzishda Face-ID yoki elektron imzo tizimi joriy qilinishi va bir kishining bir necha shartnoma tuzishiga cheklov qo‘yilishi taklif etilmoqda.


Eng asosiysi — UzAuto Motors mashina narxlarini o‘zi bozor talabiga muvofiq belgilashi va ishlab chiqarish hajmini oshirishi kerak. Aks holda, $400–$500 lik daromad uchun “xalq avtomobili”ni qayta sotish sxemalari davom etaveradi.

Bizning Telegramga obuna bo'ling
BannerMobile banner