Haydovchi tayyorlashdagi tartibni buzish jinoyatga tenglashtiriladi
28.01.2025 / 05:50Hujjat imzolash uchun prezidentga yuborildi.

O‘zbekistonda haydovchilarni tayyorlash va qayta tayyorlash, imtihon o‘tkazish hamda haydovchilik guvohnomalarini berish tartibini buzganlik uchun jinoyat javobgarligi joriy etilishi rejalashtirilmoqda. Bu 24-yanvar kuni Oliy Majlis Senati majlisida ma’qullangan qonunda nazarda tutilgan. Hujjat imzolash uchun prezidentga yuborildi.
Jinoyat kodeksiga yangi 228−2-modda (avtomototransport vositalari va shahar elektr transporti haydovchilarini, shuningdek, traktorchi-mashinistlarni tayyorlash va qayta tayyorlash tartibini, imtihonlar o‘tkazish hamda guvohnomalar berish qoidalarini buzish) kiritiladi.
1-qism:
Mas’ul shaxs tomonidan o‘quv jurnaliga, marshrut varaqasiga yoki imtihon komissiyasi bayonnomasiga o‘quv dasturini o‘zlashtirish yoki imtihonni muvaffaqiyatli topshirish haqida soxta ma’lumot kiritish, shuningdek, ushbu yolg‘on ma’lumotlarga asoslanib haydovchilik guvohnomasi berish.
Jazo:
- 50 dan 100 gacha bazaviy hisoblash miqdorida jarima (18,75 mln – 37,5 mln so‘m),
- ma’lum huquqlardan uch yilgacha mahrum qilish,
- 360 soatgacha majburiy jamoat ishlari,
- yoki uch yilgacha tuzatish ishlari.
2-qism:
Mas’ul shaxs tomonidan nazariy va amaliy imtihon natijalari haqidagi soxta ma’lumotlarni imtihon varaqasiga yoki imtihon natijalari bayonnomasiga kiritish.
Jazo:
- 100 dan 300 gacha BHM jarima (37,5 mln – 112,5 mln so‘m),
- ma’lum huquqlardan besh yilgacha mahrum qilish,
- 360 soatgacha majburiy jamoat ishlari,
- uch yilgacha tuzatish ishlari,
- yoki bir yildan ikki yilgacha erkinlikni cheklash,
- yoki uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish.
3-qism:
1 yoki 2-qismdagi harakatlar:
- takroriy sodir etilgan;
- bir guruh shaxslar tomonidan oldindan kelishilgan holda sodir etilgan;
- og‘ir oqibatlarga olib kelgan;
- xizmat mavqeidan foydalanilgan holda sodir etilgan bo‘lsa.
Jazo:
- 300 dan 600 gacha BHM jarima (112,5 mln – 225 mln so‘m);
- uch yilgacha ma’lum huquqlardan mahrum qilish;
- ikki yildan besh yilgacha erkinlikni cheklash;
- yoki besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish.
Shuningdek, Jinoyat kodeksiga yangi 227−1-modda (davlat raqam belgilari yoki avtomototransport vositalari va ularning tirkamalarining identifikatsiya raqamlarini noqonuniy tayyorlash, topshirish, ishlatish yoki qalbakilashtirish) qo‘shiladi.
1-qism:
Davlat raqam belgilari yoki avtomototransport vositalari va ularning tirkamalarining identifikatsiya raqamlarini noqonuniy tayyorlash, topshirish yoki ishlatish, shuningdek, qalbakilashtirish.
Jazo:
- 50 dan 100 gacha BHM jarima;
- uch yilgacha erkinlikni cheklash;
- yoki uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish.
2-qism:
Xuddi shu harakatlar, agar ular mansabdor shaxs tomonidan sodir etilgan bo‘lsa:
Jazo:
- 100 dan 150 gacha BHM jarima;
- besh yilgacha erkinlikni cheklash;
- yoki besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish.
Takroriy yoki og‘ir jinoyatlar:
- Takroriy sodir etilgan;
- xavfli retsidivist tomonidan sodir etilgan;
- yoki bir guruh shaxslar tomonidan kelishilgan holda sodir etilgan harakatlar.
Jazo:
- uch yildan besh yilgacha erkinlikni cheklash;
- yoki uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish.
Eslatib o‘tamiz, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 125-moddasi qalbakilashtirilgan yoki boshqa usulda o‘zgartirilgan davlat raqam belgilari bilan transport vositasini boshqarish uchun 10 BHM miqdorida jarimani nazarda tutadi.