Elektromobil importi cheklovlari bo‘yicha ombudsman izoh so‘radi
04.04.2025 / 08:59Muammoning huquqiy jihatlarini to‘liq tushuntirish uchun agentlikka rasmiy so‘rov yuborildi.

Biznes-ombudsman apparati elektromobillar importiga qo‘yilgan cheklovlar munosabati bilan Texnik jihatdan tartibga solish agentligiga rasmiy so‘rov yubordi, deya xabar bermoqda organ matbuot xizmati.
Tadbirkorlik subyektlari huquqlarini himoya qilish bo‘yicha vakil elektromobil sotayotgan biznes vakillarining shikoyatlarini o‘rganmoqda. Shuningdek, ijtimoiy tarmoqlarda bildirgan tanqidiy fikrlar ham tahlil qilindi.
Ombudsman o‘rinbosari Jamshid Uronov masalani hal qilish yo‘llarini Texnik jihatdan tartibga solish agentligi bilan muhokama qildi. Muammoning huquqiy jihatlarini to‘liq tushuntirish uchun agentlikka rasmiy so‘rov yuborildi.
Avvalroq O‘zbekistonda no-tarif cheklovlar fonida avtomobillar importi kamaygani haqida xabar berilgan edi. Mutaxassis bu holat Pskentda majburiy tekshiruv joriy etilgani bilan bog‘liq bo‘lishi mumkinligini taxmin qilgan.
Eslatib o‘tamiz, 2025-yil 1-maydan boshlab elektromobillarni olib kirishda utilizatsiya yig‘imi oshiriladi. Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligining tashqi savdo departamenti rahbari Inomjon Abdurahmonov bu qarorni ekologiyaga e’tibor va mahalliy sanoatni qo‘llab-quvvatlash zarurati bilan izohladi.