O’zbekistonda jarima ballari kuchga kirdi
02.06.2025 / 09:20Bitta qoidabuzarlik uchun olinishi mumkin bo‘lgan maksimal ball — ikki.

1-iyundan boshlab O‘zbekistonda haydovchilarga nisbatan jarima ballari tizimi ishga tushdi. Bu tizim prezident tomonidan 2025-yil fevral oyida imzolangan qonunga asoslanadi.
Jarima ballari faqat YPX inspektori tomonidan joyida rasmiylashtirilgan 14 turdagi qoidabuzarlik uchun beriladi. Radar yoki kamera orqali aniqlangan holatlar uchun ball berilmaydi.
Agar haydovchi yil davomida 12 yoki undan ortiq ball yig‘sa, olti oyga haydovchilik guvohnomasidan mahrum qilinadi. Ballar sonini my.gov.uz portali yoki MyGov ilovasidan tekshirish mumkin. Sakkiz ballga yetgan haydovchilarga SMS orqali ogohlantirish yuboriladi.
Ball tizimi avtomatlashtirilgan E-jarimaball tizimida yuritiladi va bu tizim tez orada Road 24, Safe Road, Click, Payme kabi ilovalarga integratsiya qilinadi.
Qoidabuzarlik qilmasdan harakatlansangiz, har olti oyda ikki ball avtomatik olib tashlanadi. Bir yil davomida qoidabuzarlik qilinmasa, keyingi birinchi holat uchun ball qo‘shilmaydi.
Ball beriladigan ayrim qoidabuzarliklar:
- Ta’mirdan chiqmagan tormoz yoki rul bilan yurish — 0.5 ball;
- Taqiqlangan texnik holatda avtomobil haydash — 1 ball;
- Ruxsatsiz tonirovka — 0.5 / 1 ball;
- Qizil chiroqqa o‘tish — 1 ball;
- Favqulodda xizmat mashinalariga yo‘l bermaslik — 0.5 ball;
- Qarama-qarshi yo‘lga chiqish, xavfli vaziyat yaratish — 2 ball;
- To‘xtash yoki turish qoidalarini buzish — 0.3 ball;
- Yo‘lovchilarni noto‘g‘ri tashish — 0.5 ball;
- Qonunga zid ravishda temir yo‘lni kesib o‘tish — 1 ball;
- YTH joyidan qochish — 2 ball.
Agar bir vaqtda bir nechta qoidabuzarlik sodir etilsa, har biri uchun ball alohida-alohida hisoblanadi. Sudga murojaat qilinganda esa ballar faqat sud qaroridan so‘ng kuchga kiradi.