Yangi Nissan X-Trail 2027 qanday bo'lishi rasman ko‘rsatildi
16.04.2026 / 06:48Krossover yangilangan dizayn va e-Power gibrid tizimi bilan chiqadi.x

Nissan 2027-yilgi yangi Rogue modelini rasman namoyish etdi. Ushbu model ko‘pchilik bozorlarda Nissan X-Trail nomi bilan tanilgan bo‘lib, kompaniyaning yaqin yillardagi eng muhim yangiliklaridan biri bo‘lishi kutilmoqda.
Yangi avlod dizayni ancha agressiv va zamonaviy ko‘rinishga ega. Old qismda ingichka LED kunduzgi chiroqlar qoraytirilgan radiator panjarasiga integratsiya qilingan. Pastki qismda esa yirik uchburchak havo kirish joylari va qora dekor elementlari qo‘llanilgan.

Yon tomondan krossover keskin chiziqlari bilan ajralib turadi, umumiy silueti esa biroz Hyundai Tucson modelini eslatadi. Orqa qismda esa keng yorug‘lik paneli, murakkab LED fonarlar va yaltiroq qora bamper dizayni diqqatni tortadi.
Asosiy texnik yangilik — e-Power gibrid tizimining AQSh bozorida paydo bo‘lishi bo‘ladi. Bu tizimda benzin dvigateli faqat generator vazifasini bajaradi, harakat esa to‘liq elektromotor orqali amalga oshiriladi. Ya’ni avtomobil haydash hissi bo‘yicha elektromobilga yaqin bo‘ladi, biroq uni zaryadlash shart emas.

Hozircha e-Power tizimining aniq texnik ko‘rsatkichlari e’lon qilinmagan. Taxminlarga ko‘ra, model 1,5 litrli uch silindrli dvigatel asosidagi sxemadan foydalanadi. Yangi Nissan X-Trail savdosi 2027-yilda boshlanishi kutilmoqda.







